Qish faslida ko`pchilik uy sharoitida tayyorlangan konservalangan mahsulotlarni iste`mol qilishni ma`qul ko`radi. Biroq bunday oziq-ovqatlardan zaharlanish ehtimoli yuqori.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo`mitasi bo`lim boshlig`i Anvar Shukurov bu boradagi xulosa va tavsiyalari bilan o`rtoqlashdi.
— Aksariyat xonadon bekalari yoz va kuz fasllarida meva-sabzavotlardan konservalar tayyorlab, qishga g`amlab qo`yadi, — deydi mutaxassis. — Biroq uy sharoitida etarli bosimda termik ishlov berish imkoniyati mavjud emasligi natijasida botulizm qo`zg`atuvchi sporalar saqlanib qoladi va ular anaerob, ya`ni kislorodsiz muhitda rivojlanib, o`ta kuchli — botulinotoksin zahrini hosil qiladi.
Botulizm qo`zg`atuvchilari tashqi muhitga o`ta chidamli bo`lib, 100°S darajada 6 soat, 120°S da esa 10 daqiqagacha tirik bo`ladi.
O`zida bunday zararli moddani saqlovchi konserva mahsulotlarini iste`mol qilish natijasida turli salbiy oqibatlar, hatto o`z vaqtida tibbiy yordam ko`rsatilmaganda o`limga olib keluvchi eng og`ir turdagi zaharlanish — botulizm kasalligi kelib chiqadi.
Xastalikning yashirin davri 2-4 soatdan 14 kungacha davom etishi mumkin. Botulizm mikrobining toksini asosan markaziy asab tizimiga ta`sir etadi va organizmda turli o`zgarishlarga olib keladi.
Bu holatda:
- nafas olish qiyinlashishi, og`iz-tomoqning qurishi qorin sohasida og`riq, jismlar ko`zga ikkita bo`lib ko`rinishi (diplopiya), ko`z qovoqlari osilib qolishi (ptoz), yutinish qiyinlashishi va gapirish qobiliyati pasayishi;
- ko`ngil aynishi va qusish (ko`pincha takrorlanadi);
- umumiy holsizlik va zaiflik kabi belgilar namoyon bo`ladi.
Bemorning so`zlari tushunarsiz bo`lib qoladi, bo`yin va oyoq mushaklarining zaiflashishi natijasida yurishga qiynaladi.
Agar bu holatda xasta insonga zudlik bilan tez tibbiy yordam ko`rsatilmasa va zarur davo muolajalari o`tkazilmasa, uning nafaqat sog`lig`i, balki hayoti ham xavf ostida qolishi mumkin.
Shu sababli botulizmning oldini olishda quyidagilarga amal qilish lozim:
- uy sharoitida konservalarni tayyorlamaslik;
- bozor va aholi gavjum joylarda fuqarolar tomonidan sotilayotgan, noma`lum sharoitda tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konservalarni xarid qilmaslik;
- banka qopqog`i ko`tarilgan (bombaj), shuningdek rangida o`zgarish bo`lgan konservalarni iste`mol qilmaslik;
- oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash sharoitlariga e`tibor berish, savdo do`konlaridan konservalarni xarid qilishda uning muddati, idishlarning butunligi, qopqoqlari shishmaganligi va xavfsizligini kafolatlovchi hujjatlariga e`tibor berish;
- taom tayyorlashda tozalikka va shaxsiy gigiena qoidalariga to`liq rioya etish.






