O`zbekiston elchisi Amirsaid A`zamxo`jaev Polsha Prezidenti Anjey Dudaga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Taqdimot marosimi Polsha rahbarining rasmiy qarorgohi – Varshavadagi Belvedere saroyida bo`lib o`tdi.
Rasmiy marosim doirasida bo`lib o`tgan suhbat chog`ida Polsha Prezidenti barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yana-da faollashtirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi. Polsha O`zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim va istiqbolli hamkor deb bilishi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli va ortga qaytmas islohotlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlashi alohida ta`kidlandi.
Qayd etilishicha, so`nggi yillarda O`zbekiston-Polsha hamkorligi, ayniqsa, savdo-iqtisodiy sohada sezilarli darajada mustahkamlanib, yangi va amaliy mazmun bilan to`ldirildi. Polsha ishbilarmon doiralarida o`zbekistonlik hamkorlar bilan aloqalarni rivojlantirishga qiziqish ortib bormoqda. Ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarish uchun salmoqli salohiyat mavjud.
Polshalik general Vladislav Andersning askarlari dafn etilgan maskanni obod etish bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar uchun O`zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirildi.
Ishonch yorliqlari topshirilgandan so`ng elchi Varshavadagi Noma`lum askar qabriga gulchambar qo`yish marosimi qatnashdi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekistonning yangi elchisi 7 noyabr kuni Varshavaga tashrif buyurgan edi. Bunga qadar u TIVning Konsullik-huquqiy departamentida, O`zbekistonning Istanbuldagi bosh konsuli lavozimlarida ishlagan. Diplomat 38 yoshda. Toshkent davlat jahon tillari universitetini tamomlagan.






