AsosiyJamiyat

O`zbekistonda davlat organlari faoliyatida inson huquq va erkinliklari ta`minlanishiga rioya etilayotgani o`rganiladi

'O`zbekistonda davlat organlari faoliyatida inson huquq va erkinliklari ta`minlanishiga rioya etilayotgani o`rganiladi'ning rasmi

O`zbekiston davlat organlari faoliyatida inson huquq va erkinliklari ta`minlanishiga rioya etilayotganini aniqlash tartibi joriy etilishi kutilmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining jamoatchilik muhokamasi uchun e`lon qilgan qarori loyihasida ko`zda tutilgan.

Unda keltirilishicha, 30 aprel kuni o`tkazilgan referendumda qabul qilingan yangi tahrirdagi O`zbekiston Konstitusiyasining 20-moddasida  insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qilishi, shuningdek insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilashi ko`zda tutilgan.

Shunga ko`ra, yuqoridagi normani amalda davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmuni sifatida belgilash maqsadida davlat organlari faoliyatida inson huquq va erkinliklarini ta`minlanishiga rioya etilayotganini reyting asosida baholash mexanizmini joriy etish zaruriyati vujudga kelmoqda.

Qaror bilan inson huquq va erkinliklari indeksini aks ettiruvchi indikatorlar, inson huquq va erkinliklari indeksini aniqlash tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlanmoqda.

Loyihada:

  • davlat organlari faoliyatida inson huquq va erkinliklarini ta`minlanishiga rioya etilayotganini reyting asosida baholovchi Inson huquq va erkinlarilari indeksi;
  • 2025 yil 1 yanvardan boshlab mansabdor shaxslarni lavozimga tayinlash (saylash), xizmat bo`yicha lavozimini ko`tarish yoki tushirishda, maxsus unvonlar berishda Inson huquq va erkinliklari indeksi natijalarini inobatga olish amaliyoti joriy etilmoqda;

Inson huquq va erkinliklari indeksini aniqlash avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Davlat organlari hamda prezidenti Xalq qabulxonalari tizimga tegishli statistik ma`lumotlarni har yili 1 fevralgacha kiritib borishi lozimligi belgilanmoqda.

Inson huquqlari bo`yicha Milliy markaz hamda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o`rganish markazi tizim orqali aholi va soha mutaxassislari o`rtasida inson huquq va erkinliklarini ta`minlanishiga rioya etilayotganiga oid ijtimoiy so`rovlar har yili 1 martga qadar o`tkazadi.

Inson huquq va erkinliklari indeksi natijalari bo`yicha axborot Prezidenti Administrasiyasi, Oliy Majlis palatalari har yili 15 mayga qadar kiritib boriladi hamda OAV orqali e`lon qilinadi.

Loyihada belgilangan chora-tadbirlar amalga oshirilishi davlat byudjetidan qo`shimcha mablag`lar ajratilishini talab etmaydi.

Qayd etilishicha, hujjatning qabul qilinishi yangi tahrirdagi O`zbekiston Konstitusiyasining 20-moddasida belgilangan normalarni, xususan insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qilishi, shuningdek insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilashini aniqlash mexanizmi yaratiladi.

Shuningdek, davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatida inson huquq va erkinliklari ta`minlanishiga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar