Soliq qo`mitasi delegasiyasi Janubiy Koreyada bo`lib, ishchi tashrif bilan bo`lib, Janubiy Koreya va Yaponiyada soliq sohasiga innovasiyalarni joriy etish bo`yicha ilg`or tajribalarni o`rganishdi, deya xabar qilmoqda qo`mita matbuot xizmati.
Osiyo taraqqiyot banki ko`magida tashkil etilgan soliq islohoti bo`yicha bilim va tajriba almashish dasturi Yaponiyada davom etdi.
Yaponiya Milliy soliq agentligi va Milliy soliq kollejiga borgan o`zbekistonlik va pokistonlik mehmonlar Yaponiyada soliq tizimini normativ-huquqiy tartibga solish, soliqlarni tasniflash, soliq to`lovchilarni hisobga olish va soliq auditini o`tkazish tartibi haqida ma`lumotlarga ega bo`ldi.
Yaponiya Milliy soliq xizmatining missiyasi soliq to`lovchilarga soliq majburiyatlarini to`g`ri va izchil bajarishga ko`maklashishga qaratilgani hamda adolatli soliqqa tortish va keng ko`lamli soliq xizmatlarini ko`rsatish orqali amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Taqdimotlar davomida jismoniy shaxslar va korporasiyalar o`rtasidagi intizomsiz soliq to`lovchilarga e`tibor qaratilib, qonun hujjatlariga rioya qilganlar uchun oddiy xatolarni tuzatish imkoniyatini beruvchi komplaens-xavf tizimining tasnifi taqdim etildi.
Xorijlik ekspertlar soliqlarni o`z vaqtida to`lash va soliq qarzlarini tezkorlik bilan qoplash bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlarga batafsil to`xtalib o`tdi.
Shu munosabat bilan Yaponiya soliq xizmati axborot kampaniyalarini o`tkazish (OAVda chiqishlar, tematik risolalarni tarqatish, Veb-TAX-TV ko`rsatuvlari, videodarslar va brifinglar, sall-markaz operatorlari tomonidan shaxsiy eslatma qo`ng`iroqlari, SMS-xabarnoma va boshqalar), soliq to`lovchilarga onlayn va oflayn rejimda, xususan, sun`iy intellektdan foydalangan holda chat-botlar orqali maslahatlar berish, aholining turli yosh guruhlari o`rtasida ma`rifiy tadbirlar (Soliq haqida o`ylang haftaligi), tanlovlar va viktorinalar o`tkazishga katta e`tibor qaratmoqda.
Tadbirlar yakunida delegasiyalar vakillari soliq siyosati sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish va soliq savodxonligi darajasini oshirish bo`yicha birgalikda samarali strategiyalarni ishlab chiqish yuzasidan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.






