Loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy hujjatini ishlab chiqish uchun Evropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) tomonidan 350 ming dollar miqdorida grant mablag`lari ajratilgan.
Ushbu mablag`lar hisobidan Avstriyaning “ILF Consulting Engineers Austria GmbH” kompaniyasi tomonidan loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqilgan. Ushbu hujjatni ishlab chiqish maqsadida Evropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 1,5 mln evro miqdoridagi mablag`lar ajratildi.
Viloyat avtomobil yo`llari bosh boshqarmasi xabariga ko`ra, o`tkazilgan tender savdo natijalariga ko`ra Turkiyaning “Proyapı Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş.” (PROYAPI) kompaniyasi g`olib deb topilib, 1 million evroga teng bo`lgan shartnoma imzolangan. Bugungi kunga qadar konsultant tomonidan dastlabki hisobot va investisiya oldi o`rganish loyihasi taqdim etilgan hamda ishchi guruh tomonidan qabul qilingan. Loyihaning umumiy uzunligi 305 kilometrni tashkil qilmoqda.
Loyiha xalqaro standartlarga javob beradigan 305 km uzunlikdagi avtomobil yo`li 6 tasmali "Avtomagistral" talablari asosida quriladi. Shuningdek, hamma tutashma va inshootlar ustidan yangi ko`prik va yo`l o`tkazgichlar qurish hamda intellektual transport tizimini o`rnatish ko`zda tutilgan.
"Toshkent-Samarqand" pullik avtomobil yo`li qurilishi natijasida harakat jadalligi taqsimlanishiga olib keladi. Yo`l qoplamasining yuk ko`tarish qobiliyati xalqaro standartlar bo`yicha 13 tonna hisobida amalga oshiriladi hamda avtomobil yo`lining xizmat qilish muddati 25 yil etib belgilangan.
Eslatib o`tamiz, 2022 yil 8 aprelda “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o`sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to`g`risida”gi Farmoniga asosan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida "Toshkent-Samarqand" pullik avtomobil yo`lini qurish loyihasini ishlab chiqilgan edi.