Saida Mirziyoeva “Jadidlar: milliy o`zlik, istiqlol va davlatchilik g`oyalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya ochilishida nutq so`zladi.
"Ma`rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy aytganlaridek, “Har bir millatning dunyoda borligini ko`rsatadigan oynai hayoti – til va adabiyotidir. Milliy tilni yo`qotmoq millatning ruhini yo`qotmoqdir”.
Bugun “Jadidlar: milliy o`zlik, istiqlol va davlatchilik g`oyalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya ochilishida nutq so`zlar ekanman, tilimizga bevosita aloqador bo`lgan milliy alifbomizni isloh qilishdek juda dolzarb masalaga to`xtaldim.
Misol uchun, bir qarashda oddiy tuyulgan imlo belgisi butun boshli Davlat va Millatning nomi xato yozilishiga sabab bo`lmoqda. Biz bunday masalalarda hadeb bahslashavermay, tezroq qaror qabul qilishimiz muhim. Chunki, gap bizning Millatimiz, g`ururimiz, yurtimiz nomi haqida ketyapti.
To`g`ri, alifbo islohoti yangi bahslar, tortishuvlar, ko`zda tutilmagan moliyaviy xarajatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Lekin yana bir bor ta`kidlayman, gap Vatan va Millat nomini to`g`ri yozish haqida ketar ekan, bunday bahs va tortishuvlarni bas qilishimiz, alifbodagi ayrim o`zgarishlarni joriy etishimiz va shu bilan alifbo masalasiga qat`iy nuqta qo`yishimiz zarur, deb hisoblayman", - deya ta`kidladi Prezident yordamchisi.