Hukumat qarori bilan Texnikumlarda kredit-modul tizimida o`quv jarayonini tashkil etish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Huquqiy axborot xabar bermoqda.
Nizomga ko`ra, texnikumlarda kredit-modul tizimida o`quv jarayoni kredit to`plash va ko`chirishning Evropa modeliga (European Credit Transfer and Accumulation System – ECTS) muvofiq tashkil qilinadi. Kredit-modul tizimi joriy etiladigan ta`lim dasturlari Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi.
O`quv yili davomiyligi ta`lim dasturi asosida belgilanadi. Akademik davr davomida o`quvchi tomonidan to`planishi lozim bo`lgan kreditlar miqdori o`quv rejasida ko`rsatilgan majburiy va tanlov fanlarni o`z ichiga oladi.
O`quvchi bir o`quv yilida kamida 60 kredit to`plashi zarur. Texnikumlarda o`quv yuklamasining hajmi o`quv rejasi asosida belgilanadi.
Kredit-modul tizimida 1 kredit o`rtacha 25-30 akademik soat hisobidagi o`quv yuklamasiga teng qilib olinadi.
Bunda o`quvchi muayyan fandan tegishli kreditlarni to`plashi uchun belgilab olingan miqdordagi o`quv yuklamasini o`zlashtirishi zarur.
O`quv yuklamasi auditoriya soati va mustaqil ta`lim soatiga bo`linadi. Ta`lim dasturi o`quv yili uchun o`quvchi tomonidan, qoida tariqasida, bir semestrda 30 kredit, bir o`quv yilida 60 kredit to`plashi inobatga olinib ishlab chiqiladi.
Akademik qarzdor o`quvchilarning tashabbusi bilan mavjud akademik qarzlarni topshirish texnikumda ta`til vaqtida pulli asosda tashkil etiladi.






