Kecha xabar berganimizdek, Toshkentda “Jadidlar: milliy o`zlik, istiqlol va davlatchilik” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyasi bo`lib o`tmoqda.
Uning tashabbuskori va tashkilotchisi Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash jamg`armasi bo`lib, anjuman O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag`on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va Turkiy davlatlar tashkiloti ko`magida o`tkazilmoqda.
Global geosiyosiy vaziyatdagi jarayonlar ta`sirida xalqlarning ong-shuurida yuz berayotgan o`zgarishlar hamda buning natijasida O`zbekistondagi yosh avlodning milliy tariximizni o`rganishga bo`lgan talabining oshishi konferensiyaning dolzarb ahamiyatini belgilab beradi.
O`zbekiston Prezidenti o`z chiqishlarida ber necha bor ta`kidlaganidek, o`z zamonasining ilg`or vakili bo`lmish jadidlar o`ta murakkab bir sharoitda milliy uyg`onish va taraqqiyot g`oyasi bilan maydonga chiqdilar, ularning tashabbuslari va ezgu amallari jamiyatda chuqur aks-sado berdi, qudratli kuchga aylandi. Qolaversa, davlatimizrahbari jadid bobolarimizning gumanistik g`oyalarini yuksak baholar ekan, erkin fuqarolik jamiyati va huquqiy demokratik davlat qurishda ularning tamoyillariga tayanishimiz lozimligini qayd etgan.
Anjumanda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoeva ishtirokchilarni qutlab, chiqish qildi. Turli mamlakatlardan konferensiyaga tashrif buyurganlarga minnatdorchilik bildirib, mamlakatimiz uchun eng muhim mavzulardan biri – millat ta`lim-tarbiyasi masalasini muhokama qilish va O`zbekistonda jadidlar boshlagan ishlarni davom ettirish vaqti allaqachon etib kelganini ta`kidladi.
– Jadidlarning g`oyalari, ularning orzu-intilishlari Prezident Shavkat Mirziyoevning siyosatida o`z aksini topmoqda, desak haqiqatdir. Prezident etakchiligidagi Yangi O`zbekiston jadid bobolarimiz orzu qilganidek, dunyoviy huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini bunyod etish, sifatli ta`lim tizimini yaratish, so`z erkinligi va ochiqlikni ta`minlash yo`lidan dadil odimlamoqda.
Saida Mirziyoeva alifboni isloh qilish masalasining ahamiyatiga ham e`tibor qaratdi.
– O`tgan yillar davomida milliy alifbomizni isloh qilish borasida ko`plab fikr-mulohazalar bildirildi, qizg`in bahs-munozaralar bo`lib o`tdi. Ammo masala hamon ochiq turibdi.
Ammo e`tiboringizni bir narsaga qarataman. Biz bunday masalalardagi tortishuvlarimizni cheksiz davom ettiravermasdan, yo`l qo`yilgan bu jiddiy xatolikni darhol tuzatish uchun tezroq bir qarorga kelishimiz shart. Axir gap millatimiz, g`ururimiz, mamlakatimiz nomi haqida bormoqda.
Konferensiya ishida Turkiy tilli davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliev, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – Turksoy Bosh kotibi Sulton Raev, Xalqaro Turkiy akademiya prezidenti Shain Mustafoev, Turkiy madaniyat va meros xalqaro jamg`armasi prezidenti Aktota Raimqulova hamda AQSh, Germaniya, Niderlandiya, Ozarbayjon, Turkiya, Shvesiya, O`zbekiston, Qirg`iziston, Qozog`iston va Yaponiya singari mamlakatlardan taniqli olimlar qatnashmoqda.
Anjumanda quyidagi masalalar muhokamasiga alohida e`tibor qaratildi:
– jadid ma`rifatparvarlarining g`oyalarini konseptual jihatdan o`rganish, tahlil va muhokama qilish hamda ularni tizimlashtirish;
– jadidlar tomonidan XX asrning birinchi choragida yaratilgan davlat tuzilmalarining qonunchilik bazasini tahlil qilish orqali ularning Turkistonda milliy davlatchilik rivojiga qo`shgan hissasini o`rganish;
– jadidlar faoliyati va g`oyalarini dunyoviy, huquqiy va demokratik jamiyat bunyod etish nuqtai nazaridan ko`rib chiqish;
– Yangi O`zbekistonni davlatchilikni shakllantirish borasida jadidlarning g`oyaviy jihatdan merosxo`ri sifatida namoyon etish.
Konferensiya doirasida jadidlar va umuman, jadidchilik harakati: uning tug`ilishi, rivojlanishi, qadriyatlar uchun kurashishi, bostirilishi va Yangi O`zbekiston zamonida ushbu g`oyalarning qayta dunyoga kelishiga bag`ishlangan “Xotira yo`lagi” ekspozisiyasi taqdim qilindi.
Konferensiya bugun, 12 dekabr kuni o`z ishini davom ettirmoqda. Unda bir vaqtning o`zidagi sessiyalardagi muhokamalar, shuningdek, yoshlarni jalb qilgan holda, keng auditoriya uchun ochiq panel sessiyalarini o`tkazish ko`zda tutilgan.






