AsosiyJamiyat

O`zbekiston Fanlar akademiyasining 80 yilligi munosabati bilan prezident tabrik yo`lladi

'O`zbekiston Fanlar akademiyasining 80 yilligi munosabati bilan prezident tabrik yo`lladi'ning rasmi

Qadrli vatandoshlar!

Hurmatli ilm-fan sohasi vakillari!

Avvalo, siz, azizlarni – zahmatkash olim va akademiklar, iqtidorli tadqiqotchilar, doktorant hamda aspirantlarni, yurtimizdagi barcha ilmiy xodimlarni bugungi qutlug` sana – O`zbekiston Fanlar akademiyasi tashkil etilganining 80 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ulug` alloma Mahmud Koshg`ariyning “Olimning yostig`i toshdandir”, degan so`zlarida ilm ahli izlanib, mashaqqat chekib bo`lsa-da, doimo odamlarga nur ulashib yashaydi, degan hikmat mujassam ekanini sizlar albatta yaxshi tushunasiz.

Biz sizlarning timsolingizda bamisoli igna bilan quduq qazib, yangi tadqiqot va ishlanmalar yaratayotgan, Yangi O`zbekistonning ilmiy-intellektual salohiyatini yuksaltirib kelayotgan ana shunday fidoyi insonlarni ko`ramiz.

Ushbu qutlug` ayyomda 80 yil mobaynida g`oyat murakkab va sharafli yo`lni bosib o`tgan O`zbekiston Fanlar akademiyasi yurtimizda yuzlab atoqli olim va akademiklarni tarbiyalab, ilm-fan sohalari bo`yicha nufuzli ilmiy maktablar yaratishga katta hissa qo`shganini minnatdorlik bilan ta`kidlaymiz.

Mustaqillik davrida, ayniqsa, keyingi yillarda sizlar ana shunday yutuqlarni buyuk ajdodlarimiz asos solgan shonli an`analarga uyg`un holda boyitib, mamlakatimizda ilm-fan rivojini yangi bosqichga olib chiqmoqdasiz.

Akademiya tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, uning tarkibida yangi ilmiy tashkilotlar ochilib, tizimdagi muassasalar soni qariyb 1,5 barobar ko`paydi. Ularni to`g`ridan-to`g`ri davlat byudjetidan moliyalashtirish tartibi yo`lga qo`yildi.

Etakchi olimlar, iste`dodli yosh ilmiy xodimlarning faoliyati va ilmiy tadqiqotlarini qo`llab-quvvatlash, jamiyatda ilm-fan namoyandalarining obro`-e`tibori va nufuzini oshirish doimo e`tiborimiz markazida bo`lib kelmoqda. Soha vakillarining ish haqi hamda doktorantlarning stipendiyasi 3 barobar, akademiklarning gonorari 2 martadan ziyod oshirilgani, ilmiy darajaga ega ilmiy xodimlarning maoshiga 60 foizgacha ustama haq to`lash tizimi joriy etilgani buni tasdiqlaydi.

Fanlar akademiyasi a`zolarining ijtimoiy-maishiy sharoitini yaxshilash, sog`lig`ini tiklash bo`yicha ham tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tizimda faoliyat ko`rsatayotgan tadqiqotchilar uchun imtiyozli asosda kvartiralar ajratildi, oilali yosh doktorantlar bepul uy-joylar bilan ta`minlandi.

Akademiyaning nufuzli xalqaro tashkilotlar va rivojlangan davlatlardagi ilmiy markazlar bilan hamkorligi kuchayib, ular bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar ko`lami ikki-uch barobar kengaydi.

Stajyor-tadqiqotchilik instituti qayta tiklanib, iste`dodli yosh tadqiqotchilarni tayyorlash sifati yaxshilandi. Hozirgi paytda O`zbekistonda ilmiy faoliyat bilan shug`ullanayotgan 30 mingdan ortiq tadqiqotchilarning yarmidan ortig`ini aynan yoshlar tashkil etayotgani sohaning kelajagi ishonchli qo`llarda ekanidan dalolat beradi.

Aziz yurtdoshlar!

Ma`lumki, milliy tariximizda yorqin iz qoldirgan birinchi va ikkinchi Renessanslar zamirida avvalo ilm-fan yutuqlari mujassamdir. Bugun biz barpo etayotgan Uchinchi Renessans poydevori ham, hech shubhasiz, inson kapitali, ilm-fan, innovasiya va yangi kashfiyotlar asosida bunyod qilinadi.

Shu bois “O`zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida ilmiy va innovasion faoliyat uchun zamonaviy infratuzilmalar yaratish, ilm-fan va ishlab chiqarish integrasiyasini mustahkamlash bo`yicha keng ko`lamli chora-tadbirlarni belgilab oldik. Xususan, ilm-fanga yo`naltiriladigan mablag`larning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 2025 yilga qadar 6 marta, 2030 yilgacha esa 10 marta oshirishni rejalashtirganmiz.

Bunday strategik vazifalarni amalga oshirishda birinchi navbatda sizlar kabi ilm-fan namoyandalarining ulkan salohiyatiga tayanamiz. Biz yurtimizdagi barcha olim va tadqiqotchilarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash va ilmiy muassasalarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash uchun bundan buyon ham zarur kuch va imkoniyatlarni ishga solamiz.

Muhtaram bayram ishtirokchilari!

Sizlarni, sizlarning timsolingizda mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish yo`lida fidokorona mehnat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizni bugungi quvonchli ayyom bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman.

G`oyat sharafli va mas`uliyatli vazifalarni ado etishda sizlarga kuch-g`ayrat, mustahkam salomatlik, oilaviy baxt, yangi yutuq va omadlar tilayman.

 

Shavkat Mirziyoev,

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Boshqa yangiliklar