Prezident Shavkat Mirziyoev aholi yashash sharoitlari, qishga tayyorgarlik va obodonchilik ishlarini ko`rish maqsadida 12 dekabr kuni Toshkent shahridagi mahallalarda bo`ldi.
Dastlab "Toshkent issiqlik markazi" korxonasining Uchtepa tumanidagi issiqlik markazi borib ko`rildi. Davlatimiz rahbari bundan roppa-rosa bir yil oldin bu erga kelganida ahvol juda ayanchli edi. Bu markaz 1969 yilda qurilgan, shundan buyon kapital ta`mirlanmagan. Qozonxona ham, tarmoqlar ham eskirgan edi. O`tgan qishda havo keskin sovigan paytlarda issiqlik ishlab chiqarish muammo bo`lgandi. Shu bois Prezidentimiz tarmoqlarni ta`mirlash va barqarorligini oshirish bo`yicha ko`rsatmalar bergan edi.
Bu galgi tashrif chog`ida mutasaddilar shu haqda axborot berdi. Berilgan topshiriqlar to`la amalga oshirilgan. Majmua qozonxonasi jami 700 Gkal quvvatga ega, mingdan ortiq ko`p qavatli uy va 400 dan ziyod ijtimoiy muassasalarga issiqlik etkazib beradi.
Joriy yilda mazut xo`jaligi va sig`imlari qurilib, qozonlarning ikkitasi aralash shaklda – gaz va mazutda ishlashga moslashtirilgan. Bular natijasida qozonxona va tarmoq sovuq haroratda ham barqaror ishlaydi. Bunday paytlarda zaxiralangan mazutdan ishlatiladi. Quvurlar izolyasiyasi mustahkamlangani uchun issiqlik yo`qotilishi ham kamaygan.
Davlatimiz rahbari shu erda Toshkent shahri va Uchtepa tumani mutasaddilari bilan muloqot qildi. Mahallalardagi yangi “ettilik” tizimi faoliyatini samarali yo`lga qo`yish, ijtimoiy masalalarni aholi talabi asosida joylarning o`zida hal etib, odamlarni rozi qilish zarurligi ta`kidlandi.
Jumladan, qishga tayyorgarlik bo`yicha ko`rilgan choralarni ham odamlar sezishi kerak. Issiqlik markazlari va tarmoqlardagi mavjud muammolarni tezkor bartaraf etib borish, bino va xonadonlarda issiqlikni asrash dolzarb vazifa ekani qayd etildi.






