Davlatimiz rahbari Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasining Yagona tezkor boshqaruv markazini borib ko`rdi. Bu haqida Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu markaz O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta`minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan majmua “Geoinformasion elektron xarita” dasturi asosida ishlaydi. Unga ichki ishlar, adliya, sog`liqni saqlash, transport va favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya, Soliq qo`mitasi kabi idoralarning 55 ta elektron bazasi integrasiya qilingan. Toshkent shahridagi 10 mingdan ortiq turar va noturar joylardagi 7 ming 300 ta videokuzatuv kameralari ham ulangan.
Bu jamoat xavfsizligiga mas`ul kuch va vositalarni samarali boshqarish imkonini bermoqda. Jumladan, ko`cha va jamoat joylarida xizmat olib borayotgan xodimlar onlayn kuzatib turiladi va vaziyatga qarab yo`naltiriladi. Natijada hodisa joyiga 3-5 daqiqada etib boriladi.
Bular “xavfsiz shahar”, “xavfsiz mahalla” maqsadlarini ta`minlash, huquqbuzarliklarni erta aniqlashda muhim o`rin tutmoqda. Xususan, o`tgan davrda poytaxtda sodir qilingan 925 ta jinoyat tezkor fosh etilgan.
Yagona tezkor boshqaruv markazida “E-manzil”, “Shakl-1”, “E-mehmon”, “Kadastr” dasturlaridan ma`lumot olish ham yo`lga qo`yilgan. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o`qigan yoshlar tomonidan “Qalqon” nomli tizim yaratilgan.
Bularning barchasi xalqimiz osoyishtaligiga mas`ul idoralarning samarali hamkorligini ta`minlab, ma`lumotlarni yaxlit dasturda qayta ishlash, tezkor vaziyat va kriminogen holatlarni avtomatik tahlil qilish, muammolarni baholash orqali to`g`ri qarorlar qabul qilish imkonini berayotir.
Prezidentimiz markazda yaratilgan sharoitlarni ko`zdan kechirdi. Bu tizimdan foydalanib, mahallalardagi profilaktika inspektorlari ishini ham raqamlashtirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini va tezkorligini oshirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.






