Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 12 dekabr kuni qish mavsumini betalafot o`tkazish bo`yicha vazifalarning bajarilish holati muhokamasi bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.
Ma`lumki, o`tgan qishdagi sovuqdan kelib chiqib, bu mavsumga jiddiy tayyorgarlik ko`rildi. Ichki imkoniyatlar to`la ishga solinib, tarmoqlar modernizasiya qilindi. Muassasa, korxona va mahallalardagi kamchiliklar bartaraf etildi.
Qo`shimcha energetika quvvatlarini yaratish bo`yicha tizimli ishlar tashkil etildi. Natijada qisqa vaqtda 675 megavatt ishga tushirildi, yil yakuniga qadar 2,2 ming megavattli 7 ta stansiya ishga tushiriladi. Shuningdek, 100 ta podstansiya, 11,5 mingta transformator va 34 ming kilometr tarmoqlar yangilandi.
Toshkent shahrida aholi ko`pligi va talab yuqoriligi bois bu masalaga alohida to`xtalib o`tildi. Xususan, poytaxtimizda jami quvvati 286 megavattga teng 2 ta yangi podstansiya qurildi. 228 ta transformator, 1 ming 130 kilometr tarmoqlar yangilandi. 260 kilometr yuqori kuchlanishli kabel tarmoqlari tortildi.
Davlatimiz rahbari bu ishlarni davom ettirib, dastur doirasida rejalashtirilgan ishlarni qisqa muddatlarda yakuniga etkazish zarurligini ta`kidladi.
Yig`ilishda ayrim hududlarda energetika tizimida kuzatilayotgan muammolar muhokama qilindi. Prezidentimiz ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarga alohida e`tibor qaratdi.
Masalan, Namangan viloyatidagi gaz quyish shoxobchalarida gaz kamaygan. Andijon viloyatining Baliqchi, Paxtaobod, Marhamat va Andijon tumanlarida havo sovushi bilan elektr energiyasi bilan bog`liq muammolar ko`paygan. Qashqadaryo viloyati G`uzor va Kasbi tumanlarida chiroq ko`p o`chayotgani ma`lum qilingan.
Davlat rahbari bunday kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida oldini olish lozimligi yana bir bor ta`kidlab o`tdi. Elektr tarmoqlari va gaz ta`minoti mutasaddilariga avariya brigadalarini shay holatga keltirib, tunu kun ishlashini ta`minlash, zarur vosita va materiallar zaxirasini ko`paytirish bo`yicha topshiriq berildi.
Bu yil ko`mir ta`minotida ham yangi tizim yo`lga qo`yildi. O`z vaqtida ko`rilgan chora-tadbirlar natijasida 5 million 900 ming tonna ko`mir qazib chiqarildi. Aholiga 930 ming tonna, ijtimoiy soha uchun qo`shimcha 93 ming tonna ko`mir etkazildi.
Hududlardagi omborlarda turgan ko`mirni aholiga va ijtimoiy sohaga etkazilishini kundalik nazoratga olish, isitish tizimi davlat-xususiy sherikka o`tkazilgan ob`ektlarda zarur ko`mir zaxirasini yaratish kerakligi aytildi.
Energiya resurslaridan oqilona foydalanish, qonunga xilof holatlarni cheklash muhimligi ham ko`rsatib o`tildi.
Bugundan boshlab barcha huquq tartibot organlari va ijtimoiy infratuzilma xizmatlari 24 soatlik ish tartibiga o`tishi belgilandi.
Yig`ilishda Yangi yil bayrami oldidan aholi farovonligi uchun sharoitlarni yanada yaxshilash masalalariga ham alohida e`tibor qaratildi.
Madaniy tadbirlar yuqori darajada o`tkazilishi, ko`ngilochar dasturlar va xizmatlarni ko`paytirilishi qayd etildi. Shuningdek, bozorlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etiladi. Narx-navolarni asossiz oshirishga urinish Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinadi.
Shuningdek, jamoat transportlarining barqaror qatnovini ta`minlash, metro va avtobuslarda aholiga sifatli xizmat ko`rsatish muhimligi ta`kidlandi. Bekatlarda sharoitlarni yaxshilash, yo`llarni tozalash va harakat xavfsizligini oshirish masalalariga ham to`xtalib o`tildi.
Yig`ilishda qishga tayyorgarlik bo`yicha Hukumat komissiyasi va boshqa mutasaddilarning hisoboti eshitildi.






