AsosiyJamiyat

Turkiy tilli davlatlarning bojxona xizmati rahbarlari Toshkentda yig`ildi. Maqsad nima?

'Turkiy tilli davlatlarning bojxona xizmati rahbarlari Toshkentda yig`ildi. Maqsad nima?'ning rasmi

Joriy yilning 11 dekabr kuni Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlarining yig`ilishi o`z ishini boshladi.

Mazkur tadbirda Tashkilotga a`zo Ozarbayjon, Qozog`iston, Qirg`iziston, Turkiyava O`zbekiston hamda kuzatuvchi davlat - Vengriyabojxona xizmati rahbarlari, Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati ishtirok etishdi. Shuningdek, Gruziya bojxona xizmati rahbari yig`ilishning faxriy mehmoni bo`ldi.

Mehmonlar dastlab Bojxona qo`mitasining Bojxona rasmiylashtiruvi markazi va Markaziy bojxona laboratoriyasida bo`lishdi. 

Joriy yilning 29 avgust kuni Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Bojxona qo`mitasiga tashrifi chog`ida ishga tushirilgan mazkur markaz xalqaro jamoatchilik tomonidan ham g`oyatda qiziqish bilan qarshi olinmoqda.

Mohiyatan ushbu tashrif bojxona tizimi hamisha Davlat Rahbarining diqqat e`tiborida ekanligini anglatish barobarida bojxona xodimlariga bildirilgan yuksak ishonchning o`ziga xos ramziga aylandi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona ma`muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” 2022 yil 27 apreldagi PF-122-son Farmonida sohani raqamli transformasiya qilish, xizmatlar sifati va tezkorligini oshirish bo`yicha topshiriqlar belgilangan edi.

Bojxona qo`mitasida bunyod etilgan Bojxona rasmiylashtiruvi markazi mazkur chora-tadbirlarning amaliy natijasi bo`ldi. Ushbu majmuada Ma`lumotlarni qayta ishlash markazi, Markazlashtirilgan masofaviy elektron deklarasiyalash posti, “Call-markaz”, Targetlash 
va xavflarni monitoring qilish boshqarmasi tashkil etildi.

Bugungi kunda Markazlashtirilgan masofaviy elektron deklarasiyalash postida 116 nafar bojxona xodimlari tomonidan tadbirkorlar bilan bevosita muloqoti cheklangan holda tovarlar masofaviy rasmiylashtirilmoqda. 

Ushbu bojxona postida respublika bo`yicha rasmiylashtirilayotgan jami deklarasiyalarning 50 foizi(kuniga 3 mingta) qamrab olingan. 

Tovarlar rasmiylashtiruvida yagona yondashuvga erishish orqali tadbirkorlar xarajatini yanada qisqartirishga erishilmoqda.

Bojxona qo`mitasining eng so`nggi zamonaviy shart-sharoitlar bilan ta`minlangan “Call” markazi esa bojxona organlarida murojaatlar bilan ishlash sifatini tubdan yaxshilab, bir kunda 600 dan ortiq murojaatlarni kunu-tun qabul qilish va muammoli holatlarni tezkor hal etishga xizmat qilmoqda.

Bojxona qo`mitasida tashkil etilgan muqobili yo`q yana bir markaz  -  Targetlash va xavflarni monitoring qilish boshqarmasidagi axborot tizimlarining xorijiy, shu jumladan, Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo bir qator davlatlar bojxona xizmatlarining axborot tizimlariga integrasiya qilingani tashkilot doirasida “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududi”ni barpo etishga munosib hissa qo`shmoqda.

Bu erda Ozarbayjon, Turkiya, Qozog`iston, Qirg`iziston, Turkmaniston davlatlarining bojxona xizmatlari bilan tunu-kun o`zaro tezkor ma`lumot almashinuvi yo`lga qo`yilgan. 

2023 yilning 11 oyida rasmiylashtirilgan jami 1 mln.ga yaqin deklarasiyalarning barchasi Xavflarni boshqarish tizimi orqali 
qayta ishlanib, xavf aniqlangan 60 mingga yaqin deklarasiyalar bo`yicha byudjetga 80 mln. dollardan ortiq ekvivalentidagi qo`shimcha to`lovlar undirilgan.

83 foiz deklarasiya soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilgan, eksport deklarasiyalarning 81 foizi esa inson omilisiz amalga oshirilgan.

O`zbekiston va Jahon bojxona tashkiloti o`rtasidagi faol hamkorlikning yangi namunasi bo`lgan Markaziy bojxona laboratoriyasi ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Jahon bojxona tashkilotining Mintaqaviy bojxona laboratoriyasi maqomini olgan bunday laboratoriyalar dunyo bo`ylab atigi 10 ta davlatda bor, xolos. 

Bugungi kunda laboratoriya tekstil mahsulotlari, polimer 
va undan tayyorlagan mahsulotlar, tamaki va nikotin moddasi saqlovchi mahsulotlar, genetik modifikasiyalangan organizmlar, ozon qatlamini buzuvchi moddalar, metall va metall qotishmalari, alkogol mahsulotlari, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta`sir etuvchi dori vositalari ekspertizasini amalga oshirish uchun zarur qurilmalar bilan jihozlandi. Bu erda amalga oshirilgan ekspertiza sinov natijalari mintaqa miqyosida tan olinadi.

Poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida uchrashuvning asosiy tadbiri - Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlarining 9-yig`ilishi bo`lib o`tdi. Tadbirga Bojxona qo`mitasi Raisi Akmalxo`ja Mavlonov raislik qildi.

- Muhtaram Prezidentimizning Tashkilot ravnaqiga qo`shayotgan ulkan hissalari va faol ishtiroklari uchun shu yilning noyabr oyida Ostonada “Turkiy dunyoning oliy ordeni” bilan taqdirlanganliklari, biz bojxonachilarni ushbu maydonda yanada tashabbuskor bo`lishni taqozo etdi – dedi o`z so`zida Akmalxo`ja Mavlonov. 

Ta`kidlash joizki, Turkiy tilli davlatlar orasida o`zaro ishonch, do`stlik va yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini rivojlantirish, mintaqada tinchlikni ta`minlash, savdo va investisiyalar uchun qulay sharoitlarni yaratish hamda barcha sohalarda hamkorlik qilishdek sharafli yo`lda tashkil etilayotgan ushbu yig`ilish mamlakatlarimizning taraqqiyoti va birdamligi yanada mustahkamlanishiga katta hissa qo`shib kelayotgan tarixiy anjumanlarning davomidir.

170 mln.dan ortiq aholini qamrab olgan Turkiy davlatlar tashkiloti hududi katta iqtisodiy imkoniyatlar makoni hamdir. 

O`zbekiston Tashkilotga a`zo bo`lib kirganidan buyon o`tgan to`rt yillik qisqa davrda a`zo davlatlar bilan tovarlar tashqi savdo aylanuvining hajmi 23 foizga(+1,5 mlrd. doll.), eksport va import tovarlari bilan harakatlanayotgan transportlar soni 65 foizga              (+ 495 mingta)ortdi.

Bugungi kunda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog`iston, Qirg`iziston, Turkmaniston va Vengriya davlatlarining tadbirkorlari bilan hamkorlik qilayotgan xo`jalik sub`ektlarining soni 12 mingga etdi. 

2022 yil noyabr oyida tashkilotning“Turkiy sivilizasiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari”shiori 
ostida bo`lib o`tgan Samarqand sammitida Davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, Tashkilotga a`zo mamlakatlarning o`zaro tovar aylanmasi umumiy tashqi savdoning atigi 4 foizini tashkil etadi, qolgani esa uchinchi davlatlar ulushiga to`g`ri keladi, bunday holat esa hech kimni qoniqtirmaydi. 

Shu boisdan Tashkilot doirasidagi hamkorlikning savdo-iqtisodiy poydevorini mustahkamlash, global logistika zanjirlari 
va transport yo`laklarini rivojlantirish, yagona tranzit tarmog`ini shakllantirishda bojxona idoralarining o`zaro hamkorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Bu borada Samarqand sammitida muhim qadam tashlandi - Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlar hukumatlari o`rtasida Soddalashtirilgan bojxona yo`lagini joriy etish to`g`risida Bitim imzolandi. 

Yig`ilishda bojxona xizmati rahbarlari mazkur Bitimni amalga oshirishning texnik shartlarini muhokama qilishdi. Hujjat loyihasi Bojxona qo`mitasi tomonidan ishlab chiqilgan.

Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida bojxona hamkorligini yanada takomillashtirish masalasi ham yig`ilishda batafsil muhokama qilindi. O`zbekiston Tashkilotga a`zo davlatlarning bojxona xizmatlari rahbarlari kengashini tashkil etish va uning Nizomini tasdiqlash taklifini ilgari surdi. Ushbu Nizom loyihasi ham Bojxona qo`mitasi tomonidan ishlab chiqilgan.

Kun tartibidagi dolzarb masalalardan yana biri Turkiy davlatlar tashkiloti hududida yagona tranzit tarmog`ini shakllantirish. Bunga esa avvalo dunyo miqyosida TIR Konvensiyasining 2021 yil maydan kuchga kirgan elektron tartiboti - eTIR xalqaro tizimiga barcha mamlakatlar ulangan taqdirdagina erishish mumkin.

“eTIR” tartiboti bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini qisqartirishdan transport xarajatlarini kamaytirishgacha bo`lgan bir qator afzalliklarga ega.

Ushbu xalqaro tizimga Ozarbayjon, O`zbekiston va Gruziya qo`shilgan bo`lib, 2022 yil dekabr oyida dunyoda ilk bor Ozarbayjon va O`zbekiston birinchi eTIR tashuvini amalga oshirgan.

Mazkur yangilik jahon biznes hamjamiyati tomonidan qizg`in qarshi olingan va nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan keng e`tirof etilgan.

Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Evropa Iqtisodiy Komissiyasi va Turkiy davlatlar tashkiloti rasmiy saytlarida mazkur loyiha Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari o`rtasida yuk tashish sharoitlarini yaxshilash g`oyasining haqiqiy timsoli deya baholangan. 

“eTIR” tartiboti Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlarni to`liq qamrab olsa, yuklar to`g`risida oldindan ma`lumot olish va o`zaro almashishni, bojxona tartibotlari va davlat chegaralarini kesib o`tishni tezlashtirishga, mamlakatlarning eksport va tranzit salohiyatini oshirish, ishonchli va xavfsiz transport koridorlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shu boisdan yig`ilishda O`zbekiston eTIR tashuvlari bo`yicha mintaqaviy o`zaro hamkorlikka xizmat qiluvchiEkspertlar ishchi guruhini tashkil etish taklifini ilgari surdi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlarining Toshkent yig`ilishida xavflarni boshqarish tizimini takomillashtirishda yangiliklar bilan tajriba almashish, tashqi savdo tovarlari bo`yicha aniqlangan xavflar haqida axborot almashinuvini yo`lga qo`yish masalasi ham ko`rib chiqildi. 

Tomonlar shu maqsadda Bojxona qo`mitasi tomonidan ishlab chiqilgan “Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo mamlakatlarning bojxona ma`muriyatlari o`rtasida xavflarni boshqarish sohasida hamkorlik to`g`risida”Bitim loyihasini mhuokama qilishdi. 

Shuningdek, Tashkilot doirasida bojxona xizmatlarining ekspertiza va tadqiqotlar sohasida o`zaro hamkorligini kengaytirish yuzasidan ham fikr-mulohaza almashishdi.

Tadbir yakunida Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlarining uchrashuvi Bayonnomasi va qator hujjatlar imzolandi.

Nufuzli xalqaro tadbir doirasida ko`plab ikki tomonlama muzokaralar, ekspertlarning ishchi uchrashuvlari ham o`tkazildi.

Mehmonlar 12 dekabr kuni Samarqand shahrida bo`lib, tarixiy 
va diqqatga sazovor obidalar bo`ylab sayohat qilishadi.

    Boshqa yangiliklar