1

Ogohlik: Xatarli “bitim”ning fosh etilishi

Jinoyat 07.11.2016, 13:41
Teglar: Jinoyat
Ogohlik: Xatarli “bitim”ning fosh etilishi

Giyohvandlik illati har yili yuz minglab insonlarning hayotiga chang solayotgani, qanchadan-qancha baxtli oilalarni parokanda qilib, jamiyat rivojiga jiddiy to`sqinlik qilayotgani ayni haqiqat. Shu bois, butun dunyo hamjamiyati tomonidan, jumladan bizning mamlakatimizda ham bu illatga qarshi keng qamrovli kurash olib borilmoqda. 
 

Biroq, shunga qaramay, giyohvandlik, giyohvand moddalarni noqonuniy saqlash, o`tkazish, sotish bilan bog`liq jinoyatlar hamon uchrab turibdi. 

Furxatali Aubekov ham ana shunday illat domiga tushgan g`ofillardan biri.  Yoshi qirq beshni qoralab qolgan Furxatali Toshkent viloyatining O`rtachirchiq tumanida tug`ilib o`sgan, Angor qishloq fuqarolar yig`iniga  qarashli  O`rtaovul mahallasida istiqomat qilib kelgan.  U anchadan beri giyohvand moddalarni iste`mol qilar, shu bois tuzukroq joyda ishlamas, oilasidan ham ajrashgan, qilar ishining tayini yo`q edi. Furxatali noqonuniy xatti-harakatlari, jumladan giyohvand moddalar bilan  qonunga xilof tarzda muomala qilgani uchun sudning qora kursisida o`tirib chiqqan. Ammo, “bir qamchi” Furxataliga kifoya qilmagan ko`rinadi. 

  Inson bekorchi bo`lganidan keyin turli bema`ni ishlarga qo`l urganini ham sezmay qoladi. U o`z uyining tomorqasida ham o`z nafsini qondirish, ham sotib mo`maygina daromad orttirish maqsadida nasha etishtirishni odat qildi. Shuningdek, uning uyida har doim o`zi uchun ham, “hojattalab” tanish-bilishlari uchun ham giyohvand moddalarni topish mushkul emasdi. 

Tabiiyki, giyohvand moddalarning oldi-sotdisi o`ta “nozik” ish, bu “savdo” o`ta ehtiyotkorlikni, hushyorlikni talab etadi. Bunaqa “ish” bilan shug`ullanadiganlar bir cho`qib o`n alanglashadi. Furxatali o`zining mahalladoshlari Kelesbay Mirzageldiev, Qayrat Tursunov singari ulfatlari bilan “sirlashib” turar, bu ikki “ulfat” Furxatalining “moli” uchun xaridor topishga “beminnat” yordam berishardi. 

  Kunlarning birida Kelesbayga bir yigit qo`ng`iroq qilib, o`zini “Sardor” deb tanishtirdi. Qurilishi yuzasidanbir ikki gaplashib sinashta bo`lib olishdi. (Darvoqe, Furxatali gohida qurilish-ta`mir ishlariga ham aralashib turardi).

— Bizga nima xizmat, ukam, — so`radi Kelesbay hech narsani tushunmay. 

—  Aka, sizdan bir narsa so`ramoqchiman, telefonda aytaveramaymi?

  Kelesboy “telefonda aytib bo`lmaydigan” gap-so`zlar nima haqida borishini yaxshi bilardi. Shu bois atrofga olazarak qarab, past ovozda dedi:

— Nima kerak? Tezroq gapiring.

—  Shu ozroq... “dori”kerak bo`p qoldi. O`zimga.

  Kelesboyning ichida umid shu`lasi lipilladi. Har qalay bunday “savdo”da o`rtaga tushsa quruq qolmasligi aniq. Faqat, bu  yigitga ishonsa bo`larmikin?

— Uka, bu raqamni sizga kim berdi?

—  Hasan degan oshnangizdan oldim, — dedi “Sardor” ishonchli ohangda. – Qurilish yuzasidan tanishib qolgandik. Bu masalada faqat siz yordam berishingizni aytdi. 

  Kelesboy o`ziga tanish odamning ismini eshitib, xiyla tinchlandi. Faqat, “dori”ni Furxatalining uyidan topish mumkin. Biroq, Furxatali bilan munosabatlari unchalik yaxshi emas. Oraga Qayratni solish kerak bo`lali. 

—  Yaxshi ukam, men bir tanishlarim bilan maslahatlashib ko`ray, xabarlasharmiz.

  Kelesboy darhol tanishi Qayratga qo`ng`iroq qilib, Furqatalida “mol” bor-yo`qligi bilan qiziqdi. 

—  Unda har doim bo`ladi, — dedi Qayrat. Birozdan so`ng Furxatali bilan bog`lanib, vaziyatga oydinlik kiritgan Qayrat Kelesboyga sim qoqdi-da, ”xo`jayin”da ikki quti bor ekan, har qutisi 100 mingdan”deb aytdi. Xullas, oluvchi ham sotuvchi ham aniq bo`ldi. Faqat, “mol”ni belgilangan vaqtda va aniq joyda o`z egasiga topshirish qoldi, xolos. 

Furxatali anchadan beri puldan qiynalib yurgandi. Qurilishga chiqay desa, dangasaligi tutib, bo`yni yor bermaydi. Sherigi Qayratning umidbaxsh telefonidan so`ng ko`ngli yorishib ketdi. Gugurt qutisida qadoqlangan, uyidagi pechka ichida bekitib qo`yilgan “og`u”ni oldi-da yo`lga tushdi. Har qalay ikki yuz ming so`m uyda bekor o`tirgan odam uchun yomon pul emas. Hali bu “og`u”ni pullab bo`lganidan keyin ikkita “o`rtakash”ga ham yaxshigina haq berishi kerak...

  2015 yilning 21 aprel kuni kechki payt qishoq markazida Kelesboy, Qayrat va Furxatali uchchrashishdi. Ularning oldida yana bir mahalladoshlari Doniyor Xudayberdiev ham turardi. Salomlashib bo`lishgach, Furxatali Qayratga qaradi:

—  Qani, “mol”ni kimga berish kerak. 

  Qayrat Kelesboyga ishora qildi. “Men faqat seni bilaman” degandek, Furxatali ikkita qutichani hushyorlik bilan Qayratning qo`liga tutqazdi. Qayrat esa Kelesboyga. Bu “oldi-berdi”ning “mazmuni”ga tushunib-tushunmay Doniyor ham bir unga, bir bunga qarab turardi....

  Nihoyat yo`lning boshida “Cpark” mashinasi ko`rindi. Kelesboy sheriklaridan ayrilib, yo`lning narigi betiga yugurdi. Mashinadan tushgan “Sardor” uning qo`liga 200 ming so`mni tutqazib, qutichalarni cho`ntagiga soldiyu yana mashinaga o`tirib jo`navordi. Kelesboy pulni endigina cho`ntagiga urib, sheriklari oldiga yugurmoqchi bo`lgandi, ulgurmadi. “Spark” bilan izma-iz kelgan “matiz”dan tushgan huquq-tartibot idoralari xodimlari xolislar ishtirokida, jinoyat ustida  Kelesboyni qo`lga olishdi va o`zlari bilan olib ketishdi. 

  Furxatali, Qayrat va Doniyor o`rtadagi masofa ancha olis bo`lgani uchun nima bo`lganini tushunmay qolishdi. Ularning nazarida Kelesboy pulni olib, mashinaga o`tirib survorgandek bo`lib tuyuldi. “Balki, keloib qolar” deb biroz kutishdi. Daragi yo`q. Keyin telefon qilishdi. Javob bo`lmadi. 

  Ertasi kuni Furxatali uyining ichki ishlar bo`limi xodimlari kirib kelishdi va uyni tintuv qilish uchun ruxsatnomalarini ko`rsatishdi. Tintuv natijasida  Furxatali Aubekovning uyida 26 tup nasha etishitirilayotgani, shuningdek uyning mehmonxonasi tokchasida elim idishda 0,08 gram miqdorida quritilgan “marixuana” moddasi saqlanayotgani aniqlandi. Shuningdek, F.Aubekovning hammomidan ham 3,51 gram nasha urug`lari topildi. 

  Ekspertiza xulosalariga ko`ra Qayrat Tursunov va Kelesboy Mirzageldiev vositachilagida pullangan ikkita gugurt qutisida ham 7,7 gramm marixuana moddasi borligi aniqlandi. Ma`lum bo`lishicha, o`zini Kelesboyga “Sardor” deb tanishtirgan shaxs huquq-tartibot idoralari xodimlarining iltimosiga ko`ra o`tkao`ilgan maxsus tadbirda “xaridor roli”ni ijro etgan ekan.

  Xullas, tergov va surisho`tiruv ishlari o`z yakuniga etkach, hodisa ishtirokchilarining xatti-haratkatlarig qonuniy baho berildi. F.Aubekov giyohvand vositalari etishtirgani, saqlagani  va sotgani uchun, Kelesboy Mirzageldiev va Qayrat tursunov shu ishda vositachilik qilgani uchun, Doniyor Xudoyberdiev bila turib jinoyat haqida o`z vaqtida xabar bermagani uchun tegishli tartibda javobgarlikka tortildilar. 

  Ularnig qilmishi boshqalarni ham o`ylantirsa, jinoyatga jazo muqarrar ekanligiga yana bir karra ishontirsa ajab emas..

Sharhlar

Jizzaxda 39 yoshli erkak xotinini urib o`ldirdi (video)

07.09.2022, 12:07

Jizzaxda ayol o`z eri tomonidan o`ldirildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda. Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 2 sentyabr kuni Jizzax viloyati Zarbdor tumani Yangihayot...
Namanganda 21 yoshli yigitni qotiliga aylangan blogerga nisbatan qamoq jazosi tayinlandi

10.01.2022, 21:58

Namanganda 150 ming so`m evaziga Instagram sahifasidagi obunachilarini ko`paytirish ortidan ikki bloger o`rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik qotillik bilan tugadi.Qayd etilishicha, hodisa Chust tumanida o`tgan yilning...
Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi

10.08.2021, 17:29

Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB xabar berdi.Ma`lum bo`lishicha, Termiz tumani “Sh.Rashidov” mahallasida yashovchi fuqaro X.Ilhom 2021 yil 29 iyun kuni...
Yilning 6 oyida har 100 ming aholiga nisbatan 132 ta jinoyat to`g`ri kelgan

10.08.2021, 16:44

2021 yil 6 oyida har 100 ming aholi soniga nisbatan 132 ta jinoyat to`g`ri kelgan. Bu haqda AOKAda o`tkazilayotgan  matbuot anjumanidan maxsus muxbirimiz Abdukarim Zaripov...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1