Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo`mitasining hududiy laboratoriyalari tomonidan bemorlardan olingan laborator tahlil natijalariga ko`ra, grippning A (H3N2) turi aniqlanmoqda. Bu haqda qo`mita rahbariyati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O`RI kasalligi ko`rsatkichlarida epidemik bo`sag`adan (epidemik parog) 34,3 foiz pastligi kuzatilmoqda.
Bolalarning o`tkir respirator infeksiya bilan kasallanish yoshma-yosh tahlil qilinganida, kasallanishni eng yuqori ko`rsatkichi 0-1 yoshdagi bolalar o`rtasida ro`yxatga olingan bo`lib, intensiv ko`rsatkich shu yoshdagi 100 ming bola soniga nisbatan 368.3ni tashkil etmoqda.
"Gripp va o`tkir respirator infeksiyalar bilan og`rigan bemorlarni davolash maqsadida respublika bo`yicha 8838 ta bemor o`rinlari yaratilgan bo`lib, ularda 6000 nafar bemor davolanmoqda", - deyiladi xabarda.
Ma`lumot uchun, gonkong grippi A grippi virusining H3N2 serotipidan kelib chiqqan o`tkir respirator kasallik bo`lib, kasallikning bu shtammi H3N2 deb ataladi. Kasallikning o`lim darajasi 0,5 foizdan oshmaydi.
Gripp A (H3N2) oddiy gripp virusi keltirib chiqaradigan xarakterli alomatlardan farq qilmaydi. Ular orasida:
- tanadagi og`riqlar;
- umumiy zaiflik va uyquchanlik;
- bosh og`rig`i va bosh aylanishi;
- mushak og`rig`i;
- yuqori harorat (ko`pincha 39 darajadan yuqori);
- ko`ngil aynishi va diareya;
- ko`zlardagi og`riq va yosh;
- tomoq og`rig`i va quruq yo`tal.






