Qashqadaryo viloyatidagi "Hisor" qo`riqxonasi hududida tarixda birinchi marta 4 ta qor qoploni guruhi kuzatildi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi tizimidagi qo`riqxona xodimlari tomonidan o`rnatilgan fotoqopqonga noyob ko`chib yuruvchi hayvonlar muhrlandi.
Qor qoploni, qor leopardi yoki ilvirs — mahalliy darajada keng tarqalgan va yo`qolib ketish xavfi ostida turgan kichik tur sifatida TMXI Qizil ro`yxati va O`zbekiston "Qizil kitobi"ga kiritilgan.
Eslatib o`tamiz, joriy yilning 11 dekabridan “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvonlarni ovlaganlik uchun jazoni kuchaytirish to`g`risidagi qonunga kiritilgan o`zgartirishlar kuchga kirdi, unga ko`ra qor qoplonlarini noqonuniy ovlash BHMning 3000 barobari (1 milliard 20 million so`m) miqdorida jarimaga sabab bo`ladi.
Kuzgi ro`yxatga olish ma`lumotlariga ko`ra, "Hisor" qo`riqxonasida 50-52 ga yaqin qor qoplonlari yashaydi. Shunisi e`tiborliki, qor qoploni bugungi kunda faqat sovuq iqlim sharoitida yashaydigan mushuksimonlar oilasining yagona tirik a`zosidir.
Qor qoplon tasviri Registon maydonida joylashgan Sherdor madrasasining asosiy kirish eshigi va milliy banknotda tasvirlangan. Shuningdek, mushuksimonlar oilasining qudratli vakili 2024 yilning 12–17 fevral kunlari Samarqandda bo`lib o`tadigan CMS COP14 — Yovvoyi hayvonlarning ko`chib yuruvchi turlarini saqlash to`g`risidagi konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig`ilishi ramzi sifatida ham tanlangan.