AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda "Tez yordam" haydovchisi kaltaklandi

'Qashqadaryoda "Tez yordam" haydovchisi kaltaklandi'ning rasmi

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida "Tez yordam" haydovchisi kaltaklandi. Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati ma`lumot berdi. 

Unga ko`ra, Chiroqchi tumani “Tez tibbiy yordam” bo`limiga shu yilning 12 dekabr kuni soat 17:10 da "Qahramon" mahalla fuqarolar yig`iniga qarashli Xo`jaqo`rg`on qishlog`ida yashovchi, 1962 yilda tug`ilgan ayol tomonidan qon bosimining ko`tarilishi shikoyati bilan chaqiriq berilgan. 8 kilometrlik masofaga “Tez tibbiy yordam” brigadasi soat 17:24 da etib borgan.

Xonadonda bemorning o`g`li ekanligi taxmin qilinayotgan shaxs “Tez tibbiy yordam” haydovchisi bilan janjallashib, uning yuz qismiga jarohat etkazgani aytilmoqda. Shunday vaziyatda ham tibbiy brigada a`zosi bo`lgan hamshira o`z burchini bajarib, avval bemorga, so`ng haydovchiga birinchi yordam ko`rsatgan. Avtomashinani chaqiriqdan ortiga qaytarish uchun boshqa haydovchi chaqirtirishga to`g`ri kelgan.

Holat yuzasidan ichki ishlar idoralariga xabar berilgan. Ayni paytda vaziyat viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi nazoratiga olingan, deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar