Sobiq vazir Aziz Voitov qamoqda ekani rasman tasdiqlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar qildi.
Xabarga ko`ra, jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudida Bosh prokuror o`rinbosarining Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchi va Jinoyat-prosessual kodeksining 221-moddasi (ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan A. V. (erkak, 1980 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan, Qishloq xo`jaligi vaziri lavozimida ishlagan) ga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo`llash to`g`risidagi iltimosnomasi taqdim etilgan hujjatlar bilan ko`rib chiqilgan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudining 2023 yil 14 dekabrdagi ajrimi bilan Bosh prokuror o`rinbosarining iltimosnomasi qanoatlantirilib, gumon qilinuvchi Aziz Voitovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilib, qamoqqa olinishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilandi, deyiladi xabarda.






