AsosiyJamiyat

“O`zbekneftgaz” AJ Prezidentga geologiya-qidiruv va ishlab chiqarish dasturi bo`yicha axborot berdi

'“O`zbekneftgaz” AJ Prezidentga geologiya-qidiruv va ishlab chiqarish dasturi bo`yicha axborot berdi'ning rasmi

Davlatimiz rahbari shu yil 22 noyabr kuni “O`zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida bo`lganida istiqbolli geologiya maydonlarini o`zlashtirish bo`yicha vazifalar qo`ygan edi.

Bugun bo`lib o`tgan yig`ilishda soha mutasaddilari ushbu vazifalar ijrosi, 2024 yilga mo`ljallangan geologiya-qidiruv va ishlab chiqarish dasturi bo`yicha axborot berdi.

Qayd etilganidek, bu ishlar ikki yo`nalishda – ham mavjud konlarda gaz qazib olish hajmini saqlab qolish, ham yangi zaxiralarni aniqlash bo`yicha olib borilmoqda. Oxirgi yillarda geologiya-qidiruv ishlari 2-3 kilometrdan 4-5 kilometr chuqurlikkacha tushirildi. Buning natijasida yangi gaz zaxiralari aniqlandi, qo`shimcha 4,4 milliard kub metr gaz qazib olindi.

Shuningdek, xalqaro konsalting kompaniyasi jalb qilinib, ko`plab istiqbolli quduqlarni ishga tushirish imkoni topildi.

Buni davom ettirib, kelgusi yilda 3,5 ming kvadrat kilometr maydonda seysmik ishlar olib borish hamda yangi qidiruv quduqlari qurish rejalashtirilgan.

Yig`ilishda buning uchun xorijiy investisiyalar jalb etish, tarmoq korxonalarini aylanma mablag` bilan ta`minlash masalasi ko`rib chiqildi.

Ilg`or texnologiyalarni olib kelib, 6-7 kilometr chuqurlikda geologik burg`ulashga o`tish masalalari muhokama qilindi.

Energiya manbalarini izchil etkazib berish, shu bilan birga, hududlar va yirik korxonalar kesimida to`lov intizomini ta`minlash muhimligi ta`kidlandi.

    Boshqa yangiliklar