AsosiyJamiyat

Markaziy bank tomonidan 4 ta bank jarimaga tortildi

'Markaziy bank tomonidan 4 ta bank jarimaga tortildi'ning rasmi

Markaziy bankning Bank nazorati qo`mitasi 2023 yilning noyabr oyidagi yig`ilishlarda (7 marta) 26 ta masala ko`rilib, ularda tegishli qarorlar qabul qilindi.

Ro`yxatga olish va ruxsat berish yo`nalishida 16 ta masala ko`rib chiqilib, ularda kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o`zgartirishlarni ro`yxatdan o`tkazish (7 ta), auditorga malaka sertifikatini berish (5 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a`zolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko`rib chiqish (4 ta) kabi masalalar o`rin oldi.

Kredit tashkilotlarining moliyaviy holati bo`yicha (10 ta masala) banklar va to`lov tashkilotlari tomonidan Markaziy bankning prudensial me`yorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o`tkazilgan o`rganishlar natijalari muhokama qilindi.

Xususan, Markaziy bank ko`rsatmalariga amal qilmagani va makroprudensial vazifalar ijrosini o`z vaqtida ta`minlamagani sababli 1 ta tijorat bankiga ayrim operasiyalarni amalga oshirishga cheklovlar o`rnatildi. Markaziy bankka ishonchli bo`lmagan ma`lumotlar taqdim qilganligi va Markaziy bankning me`yoriy-huquqiy hujjatlari talablariga rioya qilinishi ta`minlanmaganligi uchun 4 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotlari tegishli chora va sanksiyalar qo`llanilishi to`g`risida ogohlantirildi.

Prudensial normativlarga rioya qilmaganligi oqibatida 4 ta bankka va aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 1 ta to`lov tizimi operatoriga nisbatan jarima choralari qo`llanildi.

Bundan tashqari, Qo`mita tomonidan o`zining tizim barqarorligini saqlash, omonatchilar va investorlar huquqlarini himoya qilish prinsipidan kelib chiqib, tijorat banklari boshqaruvlari zimmasiga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, ehtimoliy yo`qotishlarga qarshi zaxiralar yaratish, o`rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf qilish va moliyaviy holatini sog`lomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya etish yuzasidan tegishli ko`rsatmalar berildi.

 

    Boshqa yangiliklar