Tojikiston 2023 yilning noyabr oyida Afg`onistonga 1,9 million dollarlik elektr energiyasi eksport qildi. Bu haqda mamlakat statistika boshqarmasiga tayanib, Asia-Plus xabar berdi.
Xabarga ko`ra, eksport hajmi o`tgan oyga nisbatan 46 foizga ko`pdir. Umuman olganda, 2023 yil boshidan buyon Tojikiston xorijga 107,7 million dollarga elektr energiyasi etkazib bergan, bu 2022 yilning shu davriga nisbatan qariyb 5 foizga ko`p.
“Barki Tojik” ochiq aksiyadorlik jamiyati O`zbekistonga elektr energiyasi faqat yozda eksport qilinishini, Afg`onistonga etkazib berish kuz-qish mavsumida, biroq “faqat infratuzilmani saqlab qolish uchun” kichik hajmlarda davom etishini bildirgan edi. Chunki yilning sovuq davrida respublikaning o`zida ham elektr energiyasi keskin tanqisligi kuzatilmoqda.
Statistika agentligi ma`lumotlariga ko`ra, joriy yilning 11 oyi davomida respublikada qariyb 19,9 milliard kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan, bu 2022 yilning shu davriga nisbatan 3,4 foizga ko`pdir. Joriy yilda elektr energiyasining 95 foizdan ortig`i gidroelektrostansiyalarda, qolgan qismi esa issiqlik va quyosh elektr stansiyalarida ishlab chiqarildi.






