AQShning Kolorado shtati Oliy sudi Donald Trampni 2024 yilda AQSh prezidentligiga nomzodlar ro`yxatidan chiqarib tashlash haqida qaror chiqardi. Bunga sobiq prezident tarafdorlari 2021 yilning 6 yanvar kunida saylovdagi mag`lubiyat uchun e`tiroz bildirishga urinib, Kapitoliyga bostirib kirgani sabab bo`lgan. Bu haqda Zamon.uz xabar bermoqda.
Sud bu qarorni "qo`zg`olon yoki qo`zg`olon bilan shug`ullangan amaldorlarning davlat lavozimlarini egallashini taqiqlovchi" konstitusiyaviy qoidaga asoslanib qabul qildi. Qayd etish kerakki, Donald Tramp bunday jazoga loyiq ko`rilgan AQSh tarixidagi prezidentlikka nomzodlar orasida birinchi shaxsga aylandi.
Shtat Oliy sudi kichik ovoz farqi bilan (4 rozi, 3 norozi), "2024 yilgi Respublikachilar partiyasidan nomzod bo`lgan da`vogarni AQSh hukumatiga qarshi zo`ravonlikni qo`zg`atishdagi roli tufayli saylov byulletenida nomzod sifatida ko`rsatilishini taqiqlaydi", deb topdi.
Sud qarori faqat Koloradoda, 5 mart kuni bo`lib o`tadigan Respublikachilar partiyasining praymerizlariga taalluqlidir, biroq bu qaror Trampning 5 noyabrda bo`lib o`tadigan umumiy saylovdagi obro`siga ham ta`sir qilishi mumkin.
Qarorning kuchga kirishi keyingi oy apellyasiya berilgunga qadar kechiktirildi.
Trampning saylovoldi kampaniyasi sud qarorini noto`g`ri va nodemokratik deb atadi va AQSh Oliy sudiga shikoyat qilishini bildirdi.






