AsosiyDunyo

Moldova prezidenti ikkinchi muddatga o`z nomzodini qo`yish qarorini e`lon qildi

'Moldova prezidenti ikkinchi muddatga o`z nomzodini qo`yish qarorini e`lon qildi'ning rasmi

Moldovaning evropaparast prezidenti Mayya Sandu 2024 yil oxirida ikkinchi prezidentlik muddatiga o`z nomzodini qo`yish niyatida ekanini ma`lum qildi va parlamentni mamlakatning Evropa Ittifoqiga qo`shilish istagi bo`yicha referendumga tayyorgarlikni boshlashga chaqirdi. 

"Bizda hali muhim qadamlar bor va agar yangi muddatni menga ishonib topshirsangiz, ishlashni davom ettirishga va`da beraman", dedi Sandu respublika rahbarining rasmiy saytida e`lon qilingan bayonotda.

Shuningdek, Sandu Harakat va birdamlik partiyasidagi (PAS) ittifoqchilari tomonidan nazorat qilinadigan parlamentdan Moldovaning Evropaga yo`nalishi bo`yicha referendum o`tkazish ishini boshlashni so`radi. 

"Bizning kelajagimiz Evropa oilasida va butun mamlakat sifatida Moldova uchun qaysi yo`lni tanlashimizni aniq aytishimiz kerak. Men parlamentni kelasi yil kuzida fuqarolarning ovozi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo`lgan referendum o`tkazishga chaqiraman", - dedi Moldova prezidenti.

Aytib o`tish lozimki, 2020 yil dekabr oyida bo`lib o`tgan prezidentlik saylovlarida g`alaba qozongan Sandu bir necha bor Ukraina urushini qoralagan va Moskvani o`zini hokimiyatdan chetlatish uchun davlat to`ntarishiga urinishda ayblagan. O`z navbatida, Kishinyovdagi Rossiya elchixonasi Moldova hukumati "rusofobiyani qo`zg`atayotganini" da`vo qildi. 

Saylovlar kelasi yil oxirida bo`lib o`tadi 

Moldovada prezidentlik saylovlari 2024 yilning noyabr-dekabr oylarida bo`lib o`tishi kerak, ularning aniq sanasini parlament belgilaydi. Joriy so`rovlar PAS 30-45 foiz ovoz olishini ko`rsatmoqda, Dodon sosialistlari uchun bu ko`rsatkich - 28-38 foiz, shu yil boshida firibgarlikda ayblanib 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan qochoq biznes-magnat Ilan Shorning "Imkonʼ partiyasi uchun esa - 8-15 foiz.

Dekabr oyi boshida bo`lib o`tgan EI sammitida Moldova va Ukrainaning Evropa Ittifoqiga kirishi bo`yicha muzokaralarni boshlashga qaror qilingan edi. 

O`tgan hafta Moldova parlamentidagi tashqi siyosat va Evropa integrasiyasi bo`yicha komissiya raisi Doyna German Moldova 2024 yil oxirigacha Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi (MDH)dan chiqish jarayonini yakunlashini, ushbu tashkilot doirasida tuzilgan qolgan barcha kelishuvlarni izchillik bilan denonsasiya qilishini aytdi.

    Boshqa yangiliklar