Ichki ishlar organlarining navbatchilik qismlariga olib kelingan, ma`muriy huquqbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarning mastlik holatida ekanligini aniqlashda alkotesterdan foydalanish tartibi joriy etiladi.
Bu borada ishlab chiqilgan hukumat qarori loyihasiga ko`ra, tuman (shahar) ichki ishlar organlari navbatchilik qismlari 2024-2025 yillarda bosqichma-bosqich jami 208 dona alkotesterlar bilan ta`minlanadi.
Navbatchilik qismlarida ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari hamda patrul-post xizmati xodimlari tomonidan ma`muriy huquqbuzarlik sodir etishda gumon qilinib, olib kelingan shaxslar mastlik holatida ekanligini tekshirish maqsadida alkotester yordamida tekshiruvdan o`tkaziladi.
Ma`muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs alkotester yordamida tekshiruvdan o`tkazilib, uning mastlik holati aniqlanib, biroq mazkur natijalar bo`yicha ushbu shaxsda e`tirozlar mavjud bo`lgan taqdirda, ular mas`ul xodimlar tomonidan mastlik holatini tekshirish maqsadida tibbiy tekshiruvdan o`tkazish uchun sog`liqni saqlash idoralarining belgilagan tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalariga olib boriladi.
Hujjat loyihasi bilan IIVga shaxsning mastlik holatini tekshirishda alkotester vositalardan foydalanish tartibini yo`lga qo`yish va uning samaradorligini oshirish maqsadida mas`ul xodimlar malakasini oshirish yuzasidan o`quv mashg`ulotlari tashkil etish vazifasi yuklanadi.
Vazirlik, shuningdek, 2025 yil yakuniga qadar tuman (shahar) ichki ishlar organlari navbatchilik qismlari uchun alkotesterlarni Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini rivojlantirish jamg`armalari hisobidan davlat xaridlari to`g`risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq bosqichma-bosqich xarid qilish choralarini ko`radi.






