Shu yilning 26-27 dekabr kunlari O`zbekiston hududiga nam va sovuq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. Bu haqda «O`zgidromet» xabar berdi.
Ushbu kunlarda respublikaning ba`zi joylarida yomg`ir yog`adi, shimolda qorga aylanadi. Tog` oldi va tog`li hududlarda yog`ingarchilik kuzatilib, vaqti-vaqti bilan kuchli qor, yomg`ir yog`adi.
Ba`zi joylarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayadi. Qoraqalpog`iston Respublikasi hamda Navoiy, Samarqand, Jizzax viloyatlari, shuningdek, tog`li hududlarda 25-28 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to`zonlar kuzatilishi mumkin.
Havo harorati kechalari +3…+8 daraja iliqqacha, kunduzi +8…+13 daraja iliqqacha, shimolda kechalari 0…-5 daraja sovuqqacha, kunduzi +3…+8 daraja iliqqacha pasayadi.






