AsosiyJamiyat

Xatamjon Ketmonov Xorazm xalqi azaldan uzoq kelajakni ko`zlab ish tutishini ta`kidladi

2016 yil 9 noyabr kuniO`zbekiston Respublikasi prezidentligiga O`zbekiston XDPdan ko`rsatilgan nomzod Xatamjon Ketmonov Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Viloyatning Ma`naviyat va ma`rifat markazi katta majlislar zalida bo`lib o`tgan uchrashuv, bir vaqtning o`zida viloyatning barcha tumanlaridagi saylovchilar bilan video-konferensiya shaklida tashkil etildi. 

Tadbirni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Abdug`affor Kirg`izbaev ochdi va olib bordi.

Dastavval, nomzodning ishonchli vakili Raimbergan Saburov so`z olib, Xatamjon Ketmonovning tarjimai holi bilan yig`ilganlarni tanishtirdi.

Shundan so`ng,  so`z O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o`rinbosari, partiya fraksiyasi rahbari Xatamjon Abdurahmanovich Ketmonovga berildi.

Xatamjon Ketmonov dastlab, Xorazm diyori haqida so`z olib, xalqimiz ma`naviyatining noyob yodgorligi bo`lgan “Avesto” kitobi Xorazm tuprog`ida yaratilganligini,  Xorazm Buyuk Ipak yo`lining Markaziy tarmoqlari kesishgan nuqtalardan biri bo`lanligi, dunyo tamadduni uchun ahamiyatli qator olamshumul va  buyuk kashfiyotlar shu zaminda amalga oshirilganligi va boshqa ko`plab misollarni tilga oldi. Bularning barchasi Xorazm elining bugungi taraqqiyoti va ulug`ligining asosiy omili va mustahkam zamini ekanligini, bu zamin xalqi azaldan  faqat bugungi kunni emas, balki uzoq kelajakni  ko`zlab ish tutishini ta`kidladi.

O`z ona yurtining kelajagiga daxldor, har bir masalaga jonkuyarlik bilan yondashadigan Xorazm ahli oldimizda turgan saylov jarayonida ham yuksak darajada faollik ko`rsatishiga ishonch bildirdi.

Nomzod o`z Saylovoldi dasturi bilan yig`ilganlarni tanishtirar ekan, unda avvalo, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga qat`iy amal qilinishi, milliy manfaatlarga sodiqlik, mamlakat mustaqilligini asrash va mustahkamlash, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligini ta`minlash, fuqarolararo va millatlararo hamjihatlik, ijtimoiy barqarorlikni saqlash orqali O`zbekistonning bosh strategik maqsadi – rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qo`shilish, jahon hamjamiyatida munosib o`rin egallashga qaratilgan ezgu maqsadlar mujassamligini tilga oldi. 

U o`z ma`ruzasi orqali saylovoldi dasturining asosiy yo`nalishlari yuzasidan yig`ilganlarga batafsil ma`lumot berdi. 

Jumladan, nomzod o`z dasturida ilgari surayotgan kichik biznes, uy mehnati, kasanachilik va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish orqali xotin-qizlar bandligini ta`minlash samaradorligini oshirish, mehnat qonunchiligida ayollarga berilgan huquq va qo`shimcha imtiyozlardan keng foydalanishlari uchun yanada maqbul sharoitlarni yaratish, mehnatga layoqatli aholini ish bilan ta`minlash zarurligini ta`kidladi.

Shuningdek,  bir martalik vaqtincha ish bilan band bo`lgan shaxslar mehnat faoliyatining qonuniy asoslarini takomillashtirish, ularning pensiya ta`minoti va ijtimoiy sug`urtasi bilan bog`liq masalalarni hal qilishning me`yoriy-xuquqiy asoslarini ishlab chiqish va amaliyotga kiritish, turli imtiyozlar berish orqali ish beruvchi va xodim o`rtasidagi norasmiy mehnat munosabatlarini qonunchilikka kiritish, mehnat muhofazasi qoidalarini buzganlik uchun tadbirkorlarning mas`uliyatini va javobgarligini oshirish hamda davlat tomonidan qattiq nazorat o`rnatishlozimligi haqida to`xtaldi.

Shundan so`ng asosiy ma`ruza yuzasidan bir qator ishtirokchilar so`zga chiqdilar. 

Ular o`z chiqishlarida nomzod dasturida ilgari surilayotgan kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning tartibga soluvchanlik rolini mustahkamlash, mazkur ustuvorlikka amal qilgan holda, etakchi ijtimoiy sohalarning tijoratlashuvini cheklash taklifi aholining extiyojmand qatlamini qo`llab quvvatlashning muhim vositalaridan biridir aholining zaif, ijtimoiy himoyaga majbur qatlami vakillariga imtiyozlar belgilash  va uni qo`llash tartibini ishlab chiqib, hayotga tadbiq etish, uning ijrosini qattiq jamoatchilik, deputatlik nazoratiga olish masalasini qo`llab-quvvatladilar.

Shundan so`ng savol-javoblarga navbat berildi. Unda saylovchilar o`zlarini qiziqtirgan savollarga nomzod va uning ishonchli vakillaridan atroflicha javob olish imkoniga ega bo`ldilar.

Boshqa yangiliklar