Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Rieltorlik faoliyati to`g`risida”gi qonun loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Qonun loyihasiga ko`ra, fuqarolarga o`zlarining ko`chmas mulk ob`ektlarini internetda orqali reklama qilib sotishlari taqiqlanmoqda. Bunda ushbu xizmat faqat rieltorlik tashkilotlari va ko`chmas mulk bo`yicha agentlar orqali amalga oshiriladi.
Yangi tahrirdagi qonunning 27-moddasiga ko`ra, jismoniy yoki yuridik shaxslarning ko`chmas mulk ob`ektlarini reklama qilish va e`lonlari, shu jumladan butunjahon axborot tarmog`i Internetda yoki ijtimoiy tarmoqlar sahifalarida joylashtiriladiganlari, ko`chmas mulk mulkdorlari tomonidan faqat rieltorlik tashkilotlari va ko`chmas mulk bo`yicha agentlar orqali bepul amalga oshiriladi.
Mazkur qonun loyihasi ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan keng tanqidlarga uchraganidan so`ng, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi loyiha yuzasidan tushuntirish berdi.
Agentlikning izoh berishicha, “Rieltorlik faoliyati to`g`risida”gi qonunini yangi tahrirda ishlab chiqish zarurati tug`ilgan. Chunki, ko`plab o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilganiga qaramasdan, 2010 yildagi amaldagi qonun zamonaviy voqeliklarga va rieltorlik faoliyati sohasidagi o`zgarishlarga mos kelmaydi.
“Qonun loyihasi rieltorlik xizmatlarini ko`rsatish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, “soyadan” chiqishni rag`batlantirish va noqonuniy (qora) rieltorlar va rieltorlik tashkilotlari faoliyatini legallashtirish, shuningdek, rieltorlik xizmatlari iste`molchilarini huquqlarini himoya qilish, hamda noqonuniy rieltorlar tomonidan firibgarlik holatlari avj olishining oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasini ishlab chiqishda rivojlangan mamlakatlar tajribasi o`rganildi, bunda AQSh, Germaniya va Fransiyada rieltorlar lisenziyaga ega bo`lishi majburligi hamda rieltorlar faoliyati ko`proq tartibga solingan Benilyuks mamlakatlarida (Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburg) rieltorlik faoliyati amalga oshirishda lisenziyaga ega bo`lishdan tashqari, har bir agent proffesional tashkilotlardan biriga a`zo bo`lishi belgilangan.
Shuningdek, mazkur qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi yakunlari bo`yicha kelib tushgan taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda qayta ishlanadi hamda huquqiy ekspertizadan o`tkazish uchun O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etiladi”, — deyiladi xabarda.
Ma`lumot uchun, qonun loyihasi uchun muhokama 29 dekabrga qadar davom etadi.






