Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O`zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga bojxona tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o`qishda moddama-modda ko`rib chiqildi.
Mazkur masala yuzasidan qo`mita raisi Nodir Jumaev ma`ruza qilib, tadbirkorlik faoliyatini rag`batlantirish maqsadida amalga oshirilgan choralar natijasida respublikada ishbilarmonlik muhiti yaxshilangani, tadbirkorlik sub`ektlari va xususiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilganini qayd etdi:
— Sohadagi ishlar bilan birga, qonunchilikni xalqaro normalarga, shu jumladan Bojxona tartibotlarini soddalashtirish va uyg`unlashtirish to`g`risidagi xalqaro konvensiya (Kioto, 1973 yil 18 may, 1999 yil 26 iyundagi o`zgartirishlar bilan), Jahon savdo tashkilotining Bojxona tartibotlarini soddalashtirish to`g`risidagi bitimi va Jahon bojxona tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirish orqali tashqi savdoni yanada liberallashtirish zarurati mavjud. Jahon savdo tashkilotining asosiy vazifasi — erkin va shaffof savdo munosabatlarini tartibga solish va uni kengaytirish orqali davlatning taraqqiyotini ta`minlash va insonlar turmushini yaxshilashga qaratilgan. Mazkur qonun loyihasi bilan intellektual mulk, reklama va davlat boji bilan bog`liq bo`lgan qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining tegishli bitimlariga muvofiqlashtirish nazarda tutilmoqda. Tovarlarni eksport, reimport va reeskport bojxona rejimlariga joylashtirish tartib-taomillari soddalashtiriladi.
Qonun loyihasida tovarlarning bojxona qiymatini belgilashning asosiy usuli sifatida shartnoma bahosi qat`iy belgilanmoqda. Bir vaqtning o`zida bir nechta bojxona tartibotlarni amalga oshirish uchun bojxona to`lovlari to`lanishini belgilovchi Bosh ta`minlov hujjatini qo`llash amaliyoti kiritilmoqda. Shuningdek, kontrafakt mahsulotlar kirib kelishining oldini olish maqsadida bojxona organlariga qo`shimcha huquqlar berilmoqda. Tovarlar bo`yicha ekspertiza yakunlanmagan bo`lsa ham, ushbu tovarlarni importga shartli chiqarib yuborish amaliyoti joriy etilmoqda.
Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan tadbirkorga tovarlarni O`zbekistonga olib kelgunga qadar ular bo`yicha bojxona to`lovlari va ishlab chiqarilgan mamlakatini aniqlash yuzasidan oldindan ma`lumot olishning huquqiy asosi mustahkamlanmoqda. Mazkur yangi tartibning joriy etilishi tadbirkorlarga o`z bizneslarini oldindan rejalashtirishga yanada keng imkoniyat yaratib beradi, — dedi deputat.
Qonun loyihasini moddama-modda muhokama qilish davomida deputatlar tomonidan bir qator masalalar, savollar o`rtaga tashlandi. Loyihadagi normalar davlat idoralari manfaatlari emas, balki ishlab chiqaruvchilar, bojxona munosabatlari ishtirokchilari manfaatlari uchun xizmat qilishi lozimligi alohida ta`kidlandi. Shuningdek, uning mazmun-mohiyatini keng targ`ib etish va tushuntirish kerakligi aytildi.
Qizg`in bahs-munozaralardan so`ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.






