Parkinson kasalligi hozirgi zamon neyroxirurgiya va nevrologiyasining eng dolzarb muammolaridan biri bo`lib, dunyoda har 1000 ta odamdan 1-3 tasida (0,1-0,3%) kuzatiladi. O`zbekistonda ham ushbu kasallik bilan kasallanganlar soni so`ngi vaqtlarda ortib bormoqda.
2023 yil 26 dekabr kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti qoshidagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitasiya ilmiy-amaliy markazida Turkiyaning Medisal Park klinikasi professori Said O`zturk ishtirokida mamlakatda birinchi marta yangi jarrohlik davolash usuli yo`lga qo`yildi.
SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitasiya markazida Parkinson kasalligini xirurgik davolashda 5 yildan beri ushbu kasallik bilan og`rib kelayotgan 63 yoshli bemorning bosh qismiga "chip" o`rnatish orqali operasiya muvaffaqiyatli amalga oshirildi.






