AsosiyJamiyat

Uzun tumanida yangi temir yo`l vokzali ishga tushdi

'Uzun tumanida yangi temir yo`l vokzali ishga tushdi'ning rasmi

Surxondaryo viloyatining qo`shni Tojikiston bilan chegaradosh Uzun tumanida “Uzun” temir yo`l vokzalining yangi binosi foydalanishga topshirildi. 

Mamlakatning eng chekka va olis tumanida qurilib, ishga tushirilgan “Uzun” temir yo`l vokzali mahalliy aholi va boshqa yo`lovchilar uchun ajoyib tuhfa bo`ldi. 

Shu paytgacha yo`lovchilarga xizmat ko`rsatib kelgan temir yo`l bekati o`rnida barcha qulaylikka ega muhtasham vokzal tashkil etildi. 

“Toshtemiryo`lloyiha” mas`uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari loyihasi asosida qurilgan vokzal milliy va zamonaviy arxitektura echimlari asosida barpo etilgan. Vokzal atrofiga, binoning tashqi va ichki qismiga milliy an`analarimiz asosida bezak berilib, kutish zali, dam olish va yuvinish, tibbiyot xonalari, yuqori darajadagi servis xizmatlari ko`rsatish zali qurilgan.  ASU “Ekspress-3” tizimli uskunalar bilan ta`minlangan zamonaviy temir yo`l chiptaxonasi, yo`lovchilar uchun ayvon mavjud. Elektron chiptalarni ro`yxatdan o`tkazish yo`lga qo`yilgan. Elektron ma`lumotlar tablosi o`rnatilgan.

"Moslashtirilgan binoda 40-50 yo`lovchiga xizmat ko`rsatilar edi. Bu borada mamlakatimizning ko`plab vokzallaridan ortda qolganimiz ham bor gap. Bunga bir sababdan vokzalning eskirib, ta`mirga muhtoj bo`lib qolgani bo`lsa, ikkinchidan foydalanayotgan yo`lovchilar ko`pligi, kutish zali sig`imining kichikligi va zamonaviy dam olish xonalarining yo`qligidan andak xijolat chekardik. Puxta loyiha asosida bunyod etilgan zamonaviy vokzalda esa yo`lovchilar uchun barcha qulaylik inobatga olingan. bir vaqtning o`zida 100-150 yo`lovchini sig`dira oladigan va har qanday ob-havo sharoitida ham mo``tadil harorat bilan ta`minlanadigan kutish zali,  zamon talablarga mos dam olish xonalari, chiptaxona, ona va bola hamda tibbiyot xonalari mavjud", – deydi “Uzun” vokzali rahbari Botir Mirzoqulov.

    Boshqa yangiliklar