AsosiyJamiyat

2023 yilda "qovun tushirib”, qo`lga tushgan korrupsionerlar

'2023 yilda "qovun tushirib”, qo`lga tushgan korrupsionerlar'ning rasmi

Rahbar bo`lish osonmas. Uning imtiyozlari bilan birga o`z talablari bor. Qolaversa, mansab-martaba bevafo bo`ladi. Qilingan kichik xato bilan ham undan ayrilib qolish mumkin. Amal otiga “mingan” ba`zi kimsalar esa, majburiyatlarini unutib, vakolatlaridan o`z maqsadlari yo`lida foydalanishni o`ylaydi. Bundaylarning kirdikorlari kun kelib, albatta, oshkor bo`ladi. Tugashiga sanoqli kunlar qolgan yilda ham ba`zi “mansabdor”larning qilmishlari fosh etildi. Ular xalq duosini olish o`rniga “xalq qahramoni”ga aylanishdi. 

Sobiq vazir qamoqqa olindi

Jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudida Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilingan va Jinoyat-prosessual kodeksining 221-moddasi (ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan sobiq qishloq xo`jaligi vaziriga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo`llash to`g`risidagi Bosh prokuror o`rinbosari iltimosnomasi ko`rib chiqilgan. 

Jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudining 2023 yil 14 dekabrdagi ajrimi bilan Bosh prokuror o`rinbosarining iltimosnomasi qanoatlantirilib, gumon qilinuvchi A. V.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilib, qamoqqa olinishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilandi.

Hokimlarning hammasi ham “oppoq” emas

Namangan viloyati hokimining qurilish masalalari bo`yicha o`rinbosari lavozimida ishlagan S. S. Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish) 2-qismi “a” bandi va 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchi va Jinoyat-prosessual kodeksining 221-moddasi (ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan. 

Shuningdek, Buxoro tumani hokimi lavozimida ishlagan X. J. Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi, 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi (er berish tartibini buzish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinib qamoqqa olingan.

O`zini o`zi rag`batlantirgan hokim   

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri hokimi N. X. o`zini rag`batlantirish uchun 75 million so`m mablag` ajratishga qaror qildi. Ushbu qaror o`z vaqtida “E-qaror” elektron tizimiga joylashtirilgan va hokim buvaning shaxsan o`zi tomonidan unga imzo chekilgan. Biroq mazkur qaror ijro etilmay turib, tegishli tartibda bekor qilindi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Qarshi shahar hokimining 25 avgustdagi qarori amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga zid tarzda qabul qilingani aniqlangan. Holat yuzasidan viloyat hokimligiga korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko`rish to`g`risida taqdimnoma kiritildi. 

Shunday bo`lsadaXalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining viloyat mahalliy byudjeti qo`shimcha manbalari hisobidan mablag`larni yo`naltirish ko`zda tutilgan qarori qabul qilindi. 9 oktyabr kuni qabul qilingan qaror bilan 23 milliard so`mdan ortiq mablag` turli maqsadlar uchun yo`naltirilgan. Qaror ilovasiga ko`ra, viloyat mahalliy byudjetining qo`shimcha manbalari hisobidan “Eng tashabbuskor sektor” nominasiyasida g`olib bo`lgan Qarshi shahar 1-sektor rahbari, ya`ni shahar hokimi Normo`min Xolboevni rag`batlantirish uchun 56,2 million so`m mablag` ajratilgan. Bunga Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 avgustdagi 536-sonli qarori asos qilib olingan.

Soliqchilarning kirdikori fosh bo`ldi

Huquq-tartibot idoralari Soliq qo`mitasi markaziy apparatining bir qator xodimlarini qo`lga oldi. Xususan, soliq to`lovchilarga xizmat ko`rsatish departamenti direktori o`rinbosari, Soliq qo`mitasi QQS boshqarmasi ma`muriyatchiligi boshqarmasi QQS to`lovchilarini maxsus ro`yxatdan o`tkazish bo`limi boshlig`i va Toshkent shahri Soliq boshqarmasi kameral soliq tekshiruvlar sho``basi sobiq rahbari qo`lga olingan. Ular bir qator ishbilarmonlarning noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini yashirganlikda gumon qilinib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Samarqandda bir guruh “kattakonlar” ushlandi

Samarqand viloyatida tezkor tadbirlar chog`ida bir guruh davlat xizmatchilari qabih ishga qo`l urgani aniqlandi. Xususan, “Samarqand suv ta`minoti” MChJ Samarqand shahar filiali rahbari J.Z. ko`p miqdordagi pul mablag`larini o`zlashtirish yo`li bilan talon-taroj qilgan.  

“Hududgaz Samarqand” gaz ta`minoti filiali metrologiya xizmati boshlig`i, R.J. esa o`z mansab vakolatlaridan foydalanib, Narpay tumanida joylashgan “Karim qurilish savdo” xususiy korxonasining norasmiy rahbari O.A. tomonidan o`g`irlangan tabiiy gaz hisobini yashirish maqsadida, etkazib berilgan va iste`mol qilingan tabiiy gaz hisob-kitobini muntazam o`zgartirib kelgan. Shu bilan birga, u yuqori bosimli gaz tarmoqlarida yuzaga kelgan kamomad va ehtimoliy o`g`irlik holatlari mavjudligini bilsa-da masofadan turib, gaz tarqatish stansiyalaridagi gaz hisoblagichlariga tashqi ta`sir ko`rsatgan. 

Mazkur holatga “Hududgaz Samarqand” gaz ta`minoti filiali “Narpaytumangaz” gaz ta`minoti bo`limi boshlig`i lavozimida ishlagan Z.A. ham ko`maklashib, “Karim qurilish savdo” xususiy korxonasining noqonuniy faoliyatini qo`llab-quvvatlagan va amalga oshiriladigan tekshiruv tadbirlari xususida ularni oldindan xabardor qilib kelgan. 

Yana bir holatda Aksiyadorlik tijorat “Xalq banki” Samarqand filialida chakana bo`lim boshlig`i lavozimida ishlagan Sh.Yu. o`z mansab vakolatidan foydalangan holda o`z bank plastik kartasiga noqonuniy ravishda 631 million so`mni kirim qilib, ushbu mablag`ning barchasini “1 XVET” qimor o`yiniga tikib, yutqazib qo`ygani aniqlangan. 

Samarqand viloyatida esa “Qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazi” direktori S.G. hamda markaz bosh hisobchisi, A.J. o`zaro jinoiy til biriktirib, markaz mablag`larini talon-taroj qilib kelganligi aniqlandi. Markazning 2016-2023 yillardagi faoliyati o`rganilganda bu mansabdor shaxslar 1,3 milliard so`m mablag`ni o`zlashtirib yuborganligi ma`lum bo`lib, ushbu holatlar tegishli tartibda hujjatlashtirildi. 

Qonun oldida vazir ham oddiy xodim ham barobar, mubolag`a qilib aytganda “shoh va gado teng”. Hozirda yuqoridagi holatlar bo`yicha tegishli moddalar bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilgan. Xalqimizga halol xizmat qilish o`rniga lavozimini suiiste`mol qilgan sobiq mansabdorlar, albatta, qilmishiga yarasha javobgarlikka tortiladi.

Karim ZARIPOV tayyorladi

 

    Boshqa yangiliklar