AsosiyJamiyat

Toshkentning ikki tumanida issiq suvdan ko`mir zarralari oqdi. Rasmiylar sababini tushuntirdi

'Toshkentning ikki tumanida issiq suvdan ko`mir zarralari oqdi. Rasmiylar sababini tushuntirdi'ning rasmi

Toshkentning Mirzo Ulug`bek va Yashnobod tumanlaridagi iste`molchilarning issiq suvlarida qora fraksiyalar (sulfoko`mir) paydo bo`ldi. 

"Veolia Energy Tashkent" holatga tushuntirish berdi. 

Ma`lum qilinishicha, 2024 yil 3-4 yanvar kunlari Veolia Energy Tashkent MChJ XK hududiy boshqarmalariga, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali «Toshkent issiqlik markazi» MChJga qarashli 1-IM qozonxonasi hududida joylashgan iste`molchilardan issiq suvda loyqalik bilan qora zarralar mavjudligi yuzasidan shikoyatlar kelib tusha boshladi.

«VET» MChJ XK kimyo laboratoriyasi xodimlari tomonidan zudlik bilan 1-IM qozonxonasidan iste`molchilarga etkazib berilayotgan issiq suv tahlili o`tkazildi.

 Aniqlanishicha, 2024 yil 2 yanvardan 3 yanvarga o`tar kechasi 1-IM qozonxonasida suvni tozalash filtridan sulfatlangan ko`mir ajralib chiqqan. «VET» MChJ XK isitish tarmoqlariga qozonxonadan sulfatlangan ko`mir tushishi natijasida Mirzo Ulug`bek va Yashnobod tumanlaridagi iste`molchilarning issiq suvlarida qora fraksiyalar (sulfoko`mir) paydo bo`lgan. Issiq suv parametrlari, rang va loyqalikdan tashqari, normal holatda.  

Qayd etilishicha, sulfoko`mir suvni filtrlashda ishlatiladi va iste`molchilar uchun xavf tug`dirmaydi.

«TIM» MChJga qarashli 1-IM qozonxonasi xodimlari tomonidan issiqlik tarmoqlarida sulfatlangan ko`mir oqimi bartaraf etildi. Ayni paytda vaziyat qozonxona va «VET» MChJ XK texnik xodimlari tomonidan nazoratga olingan. 

Ta`kidlanishicha, issiq suv hisoblagichlari tiqilib qolgan taqdirda, «VET» MChJ XK hisoblagichlarga (schetchiklarga) profilaktik xizmat ko`rsatishga tayyor, agar kerak bo`lsa, muhrlarni olib ifloslanishni bartaraf etgandan so`ng qayta o`rnatishga ham.  

"Shu bilan birga, iste`molchilardan issiq suv hisoblagichlaridagi plombalarni o`zlari ochmasdan, «VET» MChJ XK hududiy boshqarmalariga (Mirzo Ulug`bek va Yashnobod tumanlari) murojaat qilishlarini so`raymiz. Issiq suv hisoblagichlaridan muhrlarni ruxsatsiz olib tashlash Issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalariga zid hisoblanadi", - deyilgan rasmiy munosabatda. 

 

    Boshqa yangiliklar