AsosiyJamiyat

Endi ko`p qavatli uyda yashovchilar ayrim chiqindilarni sotib, daromad qilishlari mumkin bo`ladi

'Endi ko`p qavatli uyda yashovchilar ayrim chiqindilarni sotib, daromad qilishlari mumkin bo`ladi'ning rasmi

Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlarida hamda Toshkent tumanidagi ko`p qavatli uylar joylashgan hududlardagi chiqindi yig`ish maydonlarida “qayta ishlanadigan” toifaga mansub chiqindi turlari sotib olish yo`li bilan qabul qilinadi. Bu haqda “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta`sirini kamaytirish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida”gi prezident farmonida belgilandi.

Unga ko`ra, qattiq maishiy chiqindilarni saralash tizimini boshqichma-bosqich tashkil etish uchun 2024—2026 yillarda Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlarida hamda Toshkent tumanidagi ko`p qavatli uylar joylashgan hududlardagi chiqindi yig`ish maydonchalarida chiqindilarni  “qayta ishlanadigan”, “qayta ishlanmaydigan” va “oziq-ovqat” toifalariga ajratgan holda yig`ish tashkil etiladi.

2024 yil 1 iyulga qadar mazkur hududlarda xizmat ko`rsatuvchi sanitar tozalash korxonalari tomonidan chiqindilarni toifalariga ajratgan holda to`plashi uchun quyidagi turdagi maxsus (QR-kod — matrisali shtrix kodli) chiqindi paketlari bilan fuqarolar bepul ta`minlanadi:

  • qayta ishlanadigan maishiy chiqindilar uchun — shaffof, rangsiz;
  • qayta ishlanmaydigan maishiy chiqindilar uchun — qora rang;
  • oziq-ovqat chiqindilari uchun — jigarrang.

Qayta ishlanadigan qattiq maishiy chiqindilar chiqindi yig`ish maydonchalarida sanitar tozalash korxonalari tomonidan sotib olinadi.

Ko`p qavatli uylar joylashgan hududlarda chiqindi yig`ish maydonlarida sotib olish yo`li bilan qabul qilinadigan “qayta ishlanadigan” toifaga mansub chiqindi turlari:

  • plastik chiqindilarning barcha turlari;
  • qog`oz chiqindilar, makulatura;
  • qora va rangli metall chiqindilari va lommlari;
  • ishlatilgan shisha mahsulotlari va chiqindilari;
  • to`qimachilik materiallari chiqindilari;
  • rezina va rezinatexnika mahsulotlari chiqindilari.

Ushbu bandda nazarda tutilgan loyihaning amalga oshirilishi vazirlikning hududiy bo`linmalari va hokimliklar tomonidan nazorat qilinadi hamda chiqindi yig`ish maydonlarini paketlar bilan ta`minlash uchun Ekologiya jamg`armasidan bosqichma-bosqich 30 milliard so`mgacha bo`lgan mablag` ajratiladi.

 

    Boshqa yangiliklar