Hukumat qarori bilan Oliy ta`lim muassasalari talabalari uchun iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida pullik amaliy mashg`ulotlarni tashkil etish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjatga muvofiq, Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi tomonidan yiliga kamida bir marta talabalar o`rtasida pullik amaliy mashg`ulotlarni tashkil etish bo`yicha tanlov o`tkaziladi. Shu bilan birga, amaliyot o`tash uchun 500 ta o`rin ajratiladi (Toshkent shahri uchun – 45 ta, Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlar uchun – 35 ta).
Tanlovda ishtirok etish uchun talaba arizani shaxsan o`zi, pochta orqali yoki elektron shaklda o`zi o`qiyotgan oliy ta`lim tashkilotiga topshirishi kerak.
Shuningdek, tanlovda ishtirok etish uchun:
— bitiruvchi bosqichda tahsil olayotgan bo`lishi kerak;
— talaba O`zbekiston rezidenti bo`lishi kerak;
— ta`lim yo`nalishi (mutaxassisligi) tarmoq korxonasidagi faoliyat yo`nalishiga mos kelishi kerak.
So`ngra 5 ish kuni ichida oliy o`quv yurtlari maxsus komissiyaga murojaat qilgan talabalarga oid ma`lumotlarni taqdim etadi.
Komissiya ushbu hujjatlarni ular olingan kundan boshlab 5 ish kuni ichida ko`rib chiqadi va talabaning tanlovda ishtirok etishi yoki qatnashishdan bosh tortishi to`g`risida qaror qabul qiladi.
Shuningdek, maxsus komissiya talabalar amaliyotini tashkil etish bo`yicha ish rejasini (taqdimot shaklida) himoya qiladi.
Yakuniy qaror 20 kun ichida qabul qilinadi. Yakuniy qaror qabul qilingan paytdan boshlab, tanlov natijalari to`g`risidagi ma`lumotlar 10 ish kuni ichida vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Amaliyot o`quv rejasida belgilangan muddatda, 1 oydan 3 oygacha o`tkaziladi. Talabaning amaliyot o`tashi uchun sinov muddati yo`q.
G`olib bo`lgan talabalarning amaliyot xarajatlari yakuniy qaror qabul qilingandan keyin 15 kun ichida maxsus komissiya tomonidan qoplanadi.
Bunda talabaga 2 BHMning baravari miqdorida ish haqi (680 ming so`m) va unga hisoblangan ijtimoiy soliq tegishli hisobraqamiga o`tkaziladi.
Qayd etilishicha, ushbu qoida oliy ta`limning harbiy va harbiylashtirilgan tashkilotlariga taalluqli emas.