Nikolaev temir yo`lining vokzalida ikki oshna uchrashib qoldi. Biri semiz, biri oriq. Semiz hozirgina vokzalda ovqat egan — yog`liq labi pishgan olchaday yaltirab turibdi. Undan xeres vinosi va flerd oranje degan atirning hidi kelar edi. Oriq esa vagondan hozirgina tushgan va chemodan, tugun, kartonlar ko`tarib olgan edi. Undan vetchina va qahva hidi kelar edi. Uning orqasida oriq, cho`ziq yuzli xotini, qisiq ko`zli novcha gimnazist o`g`li turibdi.
— Porfiriy! — dedi semiz, oriqni ko`rib.— Senmisan! Bo`talog`im! Necha-necha yoz, necha-necha qishlar o`tib ketdi!
— E! — dedi oriq hayron qolib.— Misha! Birodarim! Qadrdonim. Xo`p eson-omon bormisan?
Oshnalar qayta-qayta, uch marta, og`iz-burun o`pishgandan keyin ko`zlariga yosh olib tikilishdi. Ikkovi ham o`zida yo`q xursand bo`lib dovdirab qoldi.
— Azizim! — dedi oriq og`iz-burun o`pishgandan keyin.— Buni qara-ya! Xo`p uchrashib qoldik-da! Qani menga tuzukroq qarachi! Hali ham o`sha ilgarigidek, chiroyliksan-a! Hamon o`shanday jonon, olifta! Obbo sen-ey! Xo`sh qalaysan? Boyidingmi? Xotin oldingmi? Men uylandim, mana… Bu xotinim, Luiza Vansenbax… Lyuteran mazhabida… Bu esa o`g`lim Nafanail, uchinchi sinfda o`qiydi… Nafanail, bu kishi mening qadrdon do`stim! Gimnaziyada birga o`qiganmiz.
Nafanail biroz o`ylab turib, shapkasini boshidan oldi.
— Gimnaziyada birga o`qiganmiz,— dedi oriq davom etib.— Esingda bormi, seni nima deb kalaka qilishar edi? Hukumat kitobini papiros bilan kuydirganing uchun seni Gerostrat (1) deb kalaka qilishar edi. Men chaqimchi bo`lganim uchun Efialt (2) deb kalaka qilishardi. Ha-ha… Bola edik! Tortinma, Nafanya! Yaqinroq kel… Bu mening xotinim Vansenbax… O`zi lyuteran…
Nafanail biroz o`ylab turib, o`zini otasining orqasiga oldi.
— Xo`sh, ishlar qalay, do`stim? — dedi semiz, do`stiga nazar tashlab.— Biron joyda xizmat qilasanmi? Qattaroq amalga mindingmi?
— Xizmat qilaman, do`stim! Ikki yildan beri kollejskiy asessorman, Stanislav (3) oldim. Maoshning mazasi yo`q… Sadqaiysar-kuya! Xotinim muzika darsi beradi, men uyda yog`ochdan portsigar qilib sotaman. Juda g`alati portsigarlar yasayman. Bittasi bir so`m. Ulgurji oladigan odamga arzonroq qilib beraman. Sababi tirikchilik-da. Departamentda xizmat qilar edim, shu mahkama bo`yicha bu yoqqa ishlar mudiri bo`lib keldim… Shu erda xizmat qilaman. Xo`sh, senchi? Statskiy sovetnik bo`lgandirsan, deyman? A?
— Yo`q, azizim, yuqoriroqdan kelaver,— dedi semiz.— Men tayniy sovetnik bo`lib qoldim… Ikkita Yulduzim (3) bor.
Birdaniga oriqning rangi oqarib ketdi, toshday qotib qoldi, lekin sal o`tmay yuzi tarvayib, kuydirgan kalladay irjaydi; xuddi yuz-ko`zidan uchqunlar yog`ilayotganga o`xshar edi. O`zi qo`nishdi, bukchaydi… chamadoni, tuguni va kartonlari ham burishib qolganday bo`ldi… Xotinining cho`ziq yuzi yana ham cho`zildi; Nafanail g`oz turib, mundirining hamma tugmalarini soldi…
— Men, janobi oliylari… Ko`p yaxshi!.. Bolaligingdan beri do`st bo`lib yurgan kishing shunday martabaga etsa! Hi-hi!
— Qo`ysangchi! — dedi semiz aftini burishtirib.— Bu gaplarning nima keragi bor? Birga, ko`rpa tepishib katta bo`lgan odamlarmiz, muncha ehtirom-u qo`l qovushtirishning nima keragi bor!
— Qo`l qovushtirmasdan bo`lar ekanmi… Nainki…— dedi oriq yana ham qo`nishib,— janoblarining nazari marhamatlari! .. Go`yoki obi hayot… Bu janobi oliylari, o`g`lim Nafanail… xotinim Luiza, lyuteran, bir daraja…
Semiz unga qarshi nimadir demoqchi edi, uning yuzidagi ortiq darajada bo`lgan muti`lik, xoksorlik alomatlari ensasini qotirib yubordi. U o`girilib, xayrlashgani qo`l uzatdi.
Oriq, butun vujudi bilan ta`zim qilib xayrlashdi va xitoyday hi-hiladi. Xotin iljaydi. Nafanail tavozi bilan qadam tashlayman, deb shapkasini qo`lidan tushirib yubordi. Uchchovi ham o`zida yo`q xursand edi.
ANTON PAVLOVICh ChEXOV
Abdulla Qahhor tarjimasi






