AsosiyJamiyat

Prezident boshchiligida iqtisodiy rivojlanishni ta`minlash bo`yicha muhim vazifalar muhokama qilindi

'Prezident boshchiligida iqtisodiy rivojlanishni ta`minlash bo`yicha muhim vazifalar muhokama qilindi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 16 yanvar kuni 2024 yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta`minlash bo`yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

2023 yilda mamlakatimizda iqtisodiy o`sish 6 foizni tashkil qildi. Jumladan, sanoat 6, xizmat ko`rsatish 6,8, qurilish 6,4, qishloq xo`jaligi 4,1 foiz o`sgan.

Bu yil yalpi ichki mahsulot hajmini kamida 6 foizga ko`paytirib, 100 milliard dollarga etkazish maqsad qilingan. Yig`ilishda shu boradagi vazifalar, zaruriy chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari buning uchun, avvalo, eng katta islohotchi bo`lgan iqtisodiy kompleks xodimlari juda qattiq ishlashi kerakligini ta`kidladi.

Masalan, umumiy sanoat hajmi o`sgani bilan, ishlab chiqarishda qo`shilgan qiymat 40 foizdan oshmayapti. Bular asosan importga qaramlik, energiya iste`moli yuqoriligi va ortiqcha xarajatlar ko`pligi sababli bo`lmoqda.

Shu bois iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun “2024 yil – tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili” bo`lishi lozimligi ta`kidlandi. Xaridlar va logistikani maqbullashtirish, energiya resurslarini tejash va raqamlashtirish orqali qancha xarajatni kamaytirish mumkinligi tarmoqlar kesimida ko`rsatib o`tildi.

Joriy yilda yirik tarmoqlarda qo`shilgan qiymatni 45 foizdan oshirish, tannarxni 15 foizga kamaytirish, jami sanoatda 7 foiz o`sishni ta`minlash bo`yicha vazifalar belgilandi.

Shu bilan birga, iqtisodiy kompleksdagi rahbarlar faoliyatini oylik, choraklik va yillik samaradorlik ko`rsatkichlari (KPI) bilan bog`lash, o`rinbosarlar sonini ko`rib chiqish taklifi ilgari surildi.

Yig`ilishda moliyaviy intizom masalasiga alohida to`xtalib o`tildi.

O`tgan yili ayrim davlat korxonalari tomonidan dividend va soliq to`lovlari bo`yicha byudjetga 8 trillion so`m tushum ta`minlanmagan. Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida soliq tushumlari 20 foiz o`sgan bo`lsa, Xorazm, Buxoro va Qashqadaryoda bu ko`rsatkich 7 foizga ham etmagan.

Bunday holatlar hududiy soliq bo`limi boshliqlari va o`rinbosarlari, mahalladagi soliqchilarning ishi sustligini ko`rsatadi. Shu bois bu tizim qayta ko`rib chiqilib, yangi yo`nalishlar belgilandi.

Birinchi yo`nalish – 40 mingta byudjet tashkiloti bilan ishlash vazifasi tumanlardan Soliq qo`mitasida yangi tashkil qilinadigan Tumanlararo byudjet tashkilotlari inspeksiyasiga o`tkaziladi. Ushbu inspeksiya to`liq raqamlashgan bo`ladi va G`aznachilik elektron tizimiga integrasiya qilinadi.

Ikkinchi yo`nalish – Qo`mitada soliq qarzini undirish bo`yicha ham tumanlararo inspeksiya tashkil etiladi. Unga Majburiy ijro byurosida mavjud vakolatlar beriladi. Buning hisobiga, tumanlardagi qo`shimcha 200 nafar soliqchini mahallabay ishlashga o`tkazish imkoni bo`ladi.

Uchinchi yo`nalish – respublika soliq tushumining 50 foizini beradigan 80 ta eng yirik korxona va 35 ta tijorat banki bilan ishlaydigan alohida tizim bo`ladi. Buning uchun Yirik soliq to`lovchilar bo`yicha inspeksiya tarkibida yangi tuzilma tashkil qilinib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan bevosita ishlaydi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga soliqlar tushumini o`z vaqtida ta`minlash, korxonalar xarajati asossiz o`sishining oldini olish bo`yicha vazifalar qo`yildi.

Bojxona sohasiga to`xtalinar ekan, o`tgan yili import bo`lgan tovarlarga salkam 60 trillion so`mlik imtiyoz qo`llangani, lekin ularning samaradorligi bo`yicha etarli tahlil yo`qligi qayd etildi. Shu bois imtiyoz bilan kirgan tovarlarni birma-bir o`rganib chiqishga ko`rsatma berildi.

Byudjet tushumi uchun yana katta zaxiralar bu – xususiylashtirish va erlarni auksion orqali sotishdir. Lekin xususiylashtirish dasturiga kiritilgan 484 ta davlat aktivi savdoga chiqarilmay turibdi.

Masalan, savdoga qo`yilgan o`nlab don korxonalari sotilmasdan turibdi. Negaki ularning bahosini belgilashda kamchiliklar bor.

Vazirlar Mahkamasiga bu boradagi qoloqliklarni bartaraf etib, joriy yilda 20 trillion so`m tushumni ta`minlaydigan yangi xususiylashtirish dasturini tayyorlash topshirildi.

O`tgan yili erlarni auksion orqali sotishdan 1 trillion so`m tushum bo`lgan, 12 mingta yangi loyiha qo`shilgan. Bunday imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida yil yakuniga qadar 70 ta, kelgusi yili barcha tumanlarning master rejalarini ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.

Bugungi kundagi eng dolzarb masala bu – yashirin iqtisodiyot. Tahlillar shuni ko`rsatmoqdagi, xizmatlar, qurilish, sanoat sohalarida katta miqdordagi aylanma “soya”da qolmoqda.

Davlatimiz rahbari yashirin iqtisodiyot adolatli raqobatga, halol tadbirkorlar faoliyatiga to`siq bo`layotganini aytib, qo`shimcha choralarni ko`rsatib o`tdi. 

Hozirda yashirin iqtisodiyot va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan 14 ta idora tarqoq holda shug`ullanmoqda. Bu ishlarni muvofiqlashtirish va kuchaytirish maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakolatlari kengaytiriladi. Bu departament eng zamonaviy vositalar va etuk mutaxassislar bilan ta`minlanib, uning huzurida ilmiy-tahliliy va o`quv markazi ochiladi. Shu bilan birga, Bosh prokuraturada ham yashirin iqtisodiyot bo`yicha alohida boshqarma va uning hududiy bo`limlari tashkil qilinadi.

Yig`ilishda byudjet xarajatlarining samaradorligi masalasi ham ko`rib chiqildi.

O`tgan yili byudjetdan 1,2 trillion so`mlik noqonuniy xarajat hamda 200 milliard so`mlik kamomad va o`g`riliklarga yo`l qo`yilgani aniqlangan. Sog`liqni saqlash, qishloq xo`jaligi sohalaridagi dasturlarga ajratilgan mablag`lar to`liq ishlatilmagan. Shuningdek, aslida ishlamaydigan xodim yoki bajarilmagan ish uchun haq yozish, asossiz ssuda yoki mukofot pullari olish kabi holatlar ko`paygan.

Bu borada Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi faoliyati qoniqarsiz ekani ko`rsatib o`tildi. Shu bois mazkur inspeksiya Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga o`tkazilishi belgilandi.

Bu yil byudjetda ko`zda tutilgan 313 trillion so`mlik xarajatni to`g`ri sarflanishini nazorat qilish vazifasi qo`yildi.

Inflyasiyani kamaytirish masalasi ham dolzarb. Ko`rilgan choralar natijasida o`tgan yili inflyasiya 9 foizdan oshmadi.

Mahsulotlar inflyasiyasini oziq-ovqatni ko`paytirish orqali jilovlash mumkinligi ta`kidlanib, bu bo`yicha qishloq xo`jaligi vaziri va hokimlarga ko`rsatmalar berildi.

Umuman, joriy yilda ham inflyasiyani 9 foizdan tushirish choralari muhokama qilindi.

Bank tizimi barqarorligini ta`minlash, iqtisodiyotga kreditlar yo`naltirish masalalariga ham to`xtalib o`tildi. Bozor mexanizmlari asosida kredit stavkalarini kamida 2-3 foizga tushirish bo`yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.

Yig`ilishda aholi bandligini ta`minlash masalasiga alohida e`tibor qaratildi. Bu bo`yicha yaqinda qabul qilingan dasturni samarali amalga oshirish muhimligi ta`kidlandi.

Bandlik tizimiga kiruvchi kasbga tayyorlash muassasalari hamda tashqi mehnat migrasiyasidagi ishlar talab darajasida emasligi qayd etildi. Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga bu kabi kamchiliklarni bartaraf etib, aholini kasbga o`qitish va ish o`rinlari yaratish yuzasidan qo`shimcha topshiriqlar berildi.

Yig`ilish yakunida iqtisodiy kompleks rahbarlari, vazirlar va hokimlar joriy yilgi rejalari bo`yicha axborot berdi.

    Boshqa yangiliklar