AsosiyJamiyat

Toshkent shahar hokimligi poytaxtdagi ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilayotganini e`lon qildi

'Toshkent shahar hokimligi poytaxtdagi ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilayotganini e`lon qildi'ning rasmi

So`nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtda ekologik vaziyat yomonlashayotgani, havo ifloslanishi, yo`llarda tirbandliklar ko`payib borayotgani keng muhokama bo`lmoqda.

Toshkent shahar hokimligi  poytaxtdagi vaziyatni yaxshilash maqsadida kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqyotganini e`lon qildi. 

Bunda eng avvalo ekologik barqarorlikni ta`minlash, havoga chiqayotgan maishiy chiqindilarni kamaytirish, jamoat transporti tizimini ham sifat, ham son jihatdan yaxshilash, yo`llarda ustuvorlikni mashinalarga emas, eng avvalo piyodalarga, undan so`ng jamoat transportiga berishga qaratilgan infratuzilmani yaratish va shu kabi bir qator o`zgarishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Ekologik holatni yaxshilash va aholi salomatligini asrab-avaylash maqsadida ayrim keskin qarorlarni qabul qilish talab etiladi. Shu sababli mazkur qarorlar kelgusida salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmasligi uchun ilmiy tadqiqotlar hamda tahlillarga asoslangan bo`lishi zarur.

Ayni kunlarda shahar hokimligi huzurida har bir yo`nalish bo`yicha, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, ishchi guruhlar faoliyat olib bormoqda. Har bir ishchi guruhning tahliliy xulosalari asosida poytaxt miqyosida qilinadigan amaliy choralar haqida taqdimot tayyorlanmoqda.

Tez orada ushbu taqdimot keng jamoatchilik e`tiboriga havola etiladi.

"Biz yana bir bor poytaxtni yaxshilash masalasiga befarq bo`lmagan faol va fidoyi yurtdoshlarimizga minnatdorlik bildiramiz. Sizning har bir fikringiz biz uchun muhim va birgalikda biz har qanday murakkab masalaning echimini topamiz" deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar