Prezident Shavkat Mirziyoev xorijiy turistlar oqimini oshirish hamda ichki turizmni faollashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Yurtimizda tarixiy, madaniy va xushmanzara go`shalar ko`p. Ularda sharoit yaratilsa, sayyohlarni yanada ko`proq va yil davomida jalb qilish mumkin. Shu maqsadda, Prezidentimiz topshirig`iga asosan, turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo`yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Unga ko`ra, sayyohlik salohiyati yuqori bo`lgan 12 ta tuman va shaharda turizm markazlari tashkil etish ko`zda tutilmoqda. Bunday markazlarda tunu kun ishlaydigan restoran, kafe, sog`lomlashtirish va basseyn xizmatlari bo`ladi.
“Zomin”, “Chimyon” va “Amirsoy” kabi kurort zonalari hamda ko`ngilochar majmualarda xalqaro brendlar, milliy ipak matolari, suvenir, zargarlik mahsulotlari va oltin quymalar do`konlari tashkil etiladi. Buning uchun 2027 yil 1 yanvargacha turizm markazlaridagi tadbirkorlarning er va mol-mulk solig`ini belgilangan miqdordan 90 foizga kamaytirish, 2026 yil 1 martgacha zargarlik va oltin mahsulotlari uchun kerak bo`ladigan asbob-uskunalar va texnologiyalarni bojxona bojidan ozod qilish taklif etilmoqda.
Shuningdek, joriy yildan boshlab, “O`zbekistonda yana bir kun sayohat” dasturi amalga oshiriladi. Unga ko`ra, viloyatlararo turizm ob`ektlarini o`zaro bog`lovchi “respublika turizm halqalari” hamda tuman va shaharlar o`rtasida “hududiy turizm halqalari” tashkil etiladi. Turizm qo`mitasi tomonidan Turistik yo`nalishlarning yagona reestri yuritiladi.
“To`rt faslning har birida sayohat” dasturi amalga oshiriladi. Masalan, bahor va kuz fasllarida ekologik, ekstremal, tibbiy va sog`lomlashtirish, yozda suv havzalari va oromgohlar, qishda ekstremal turizm va tog`-chang`i zonalarining imkoniyatlari targ`ib qilinadi. Mazkur turizm mavsumlarining ochilishi uchun festivallar tashkil etiladi.
Har ikki yilda may oyida mukofot jamg`armasi 2 million dollar bo`lgan Xalqaro “O`zbekiston ipak matolari” moda haftaligi o`tkaziladi.
Mamlakatimizning turizm salohiyatini chet ellarda targ`ib qilish uchun Turizm qo`mitasining “turizm vakillari” instituti joriy etiladi.
Shuningdek, hunarmandlarni qo`llab-quvvatlash, tibbiyot turizmini rivojlantirish, turizm ta`limiga xalqaro tajribani joriy qilish choralari ko`riladi.
Hududlarda kemping, o`tov, ekouy va xostellar, mehmonxonalarda basseyn qurish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Sohadagi tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlash maqsadida mehmonxona va savdo majmualari, basseyn va akvaparklar uchun asbob-uskuna va jihozlar 2 yilga bojxona bojlari to`lashdan ozod etiladi.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma`qullab, ekoturizmni yanada keng rivojlantirish, nogironligi bo`lgan shaxslar sayohati uchun ham zarur sharoitlarni yaratish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.






