Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligida vazir o`rinbosari Jusipbek Kazbekov ishtirokida Xitoy va O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o`rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik va strategik sheriklikni mustahkamlash istiqbollari, shuningdek, energiya jihatidan tejamkor va ekologik toza binolar qurish hamda maishiy va qattiq chiqindilarni qayta ishlash bo`yicha yirik loyihalar muhokama qilindi.
Shuningdek, havo ifloslanishining oldini olish, xalqaro ekologik standartlarni belgilash, raqamlashtirish tizimini keng joriy etish, XXR tajribasini o`rganish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi mexanizmlarni ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, cho`l hududlarini obodonlashtirish, ko`chat ekish bo`yicha fermer xo`jaliklarini tashkil qilish, shahar tizimida innovasion texnologiyalarni o`rnatish va oqava suvlarni tozalash bo`yicha Xitoy tajribasini o`rganish masalalariga ham e`tibor qaratildi.
Uchrashuv davomida hukumatimiz tomonidan turli soha va tarmoqlarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, atrof-muhitni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma`lumot berildi.Tomonlar “yashil” loyihalar milliy taksonomiyasini rivojlantirish istiqbollari, Yashil jamg`arma tashkil etish, shuningdek, ekologik toza iqtisodiy o`sishni yanada rivojlantirishga qaratilgan boshqa tadbirlar masalalarini ko`rib chiqishdi. Loyihalarni boshqarish samaradorligini oshirish, shuningdek, jarayonlarni yanada yaxshilash uchun iqlim o`zgarishini yumshatish va monitoring hamda baholash tizimlari sohasida institusional salohiyat ortgani ta`kidlandi.
Uchrashuv yakunida yuqoridagi masalalar yuzasidan qo`shimcha muzokaralar tashkil etishga kelishib olindi.






