Dunyo miqyosida qon va qon yaratish tizimi kasalliklariga chalingan bemorlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Yurtimiz aholisi orasida ham bu kabi xastaliklar tez-tez uchrayapti.
Ana shunday bemorlarga gematologik va transfuziologik yordam ko`rsatish, kasalliklarni erta diagnostika qilish, oldini olish va samarali davolash borasida Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mamlakatimizdagi etakchi tibbiyot muassasasi hisoblanadi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Xabaringiz bor, Prezidentning 2021 yil 27 maydagi tegishli qarori asosida alohida Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi va Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi alohida muassasalar sifatida tashkil etilgan.
Ushbu markaz 1- va 2-onkogematologiya, umumiy gematologiya, kunduzgi davolash, o`zak hujayralari transplantasiyasi, reanimasiya va intensiv terapiya, stasionar davolash kabi bo`limlardan iborat bo`lib, 200 o`ringa mo`ljallangan.
Bu erda bajariladigan tahlillarni avvallari yurtimizda mutlaqo o`tkazish imkoni bo`lmagan. Shuning uchun bemorlardan olingan namunalar chet elga yuborilib, u erdan tegishli javoblarni kutishga to`g`ri kelar edi. Hozirda bu tekshirishlar markazning yuqori malakali xodimlari tomonidan to`liq bajarilmoqda.
Xususan, diagnostika bo`limining umumiy qon tahlili, morfologiya, sitoximiya, bioximiya, qon tizimi gemostaz, immunologiya, yuqori texnologik molekulyar-genetika, sitogenetika, FISH, immunogistoximiya, HLA – genotiplash, mikrobiologiya va virusologiya laboratoriyalarida bemorlarga tezkor va aniq tashxis qo`yiladi.
Bundan tashqari, kasalliklarni davolash va diagnostika qilish jarayonida sekvinator, sitofluorimetr, NLA – gentiplash uskunasi, invertirlangan mikroskop, ROSh analizatori, mass-spektometr, separator, sun`iy nafas olish va KShS apparati, kardiomonitor, UTT, raqamli rentgen, stomatologik kreslo hamda koagulometr kabi ilg`or tibbiy asbob-uskunalardan foydalanilyapti.
So`nggi yillarda tizimdagi ijobiy o`zgarishlar natijasida markazda transplantasiya bo`limi o`z faoliyatini boshladi. Bugungacha bu erda 98 nafar mielom va limfoma kasalligiga chalingan bemorlarda autologik o`zak hujayralar transplantasiyasi amalga oshirildi. Mazkur amaliyotdan so`ng 70 foiz bemorlarda og`riqlar kamayib, hayot sifati yaxshilandi.
Qolaversa, hozirga qadar muassasada tibbiyotimiz tarixida birinchi bor allogen, ya`ni donordan olingan suyak ko`migi o`zak hujayralari transplantasiyasi amaliyotlari yo`lga qo`yildi. Kelajakda yiliga 100 nafar bemorda ilik ko`chirib o`tkazish amaliyotini bajarish rejalashtirilgan.
Shuningdek, muassasada yuqoritexnologik tashxislash va davolash jarayonlarini tashkil etish maqsadida yangi 12 ta infrastruktura bo`limlari ish boshladi. Unda odatdagi tadqiqot usullari bilan bir qatorda yangi laboratoriya va bo`limlar faoliyat yuritmoqda.
Sog`liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.






