Yanvar oyining boshida ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtning Yashnobod tumanida joylashgan Toshkent tibbiyot akademiyasining ko`p tarmoqli klinikasi binosi buzilishi haqida xabarlar keng muhokamalarga sabab bo`lgan edi. Ushbu holatga javoban Madaniy meros agentligi tomonidan berilgan rasmiy bayonotda bino buzilmasligi hamda ob`ektda olib boriladigan ta`mirlash ishlari haqida qo`shimcha axborot berilishi ma`lum qilingan.
2024 yilning 11 yanvar kuni Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining 1-sonli yig`ilishi bo`lib o`tdi. O`tkazilgan yig`ilishda «O`zshaharsozlik LITI» davlat muassasasi tomonidan taqdim etilgan «Toshkent tibbiyot akademiyasining ko`p tarmoqli klinikasida bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish» loyihasi ko`rib chiqildi.
Loyihaga ko`ra, ushbu binoga mos ravishda 26 metr, 13 metr va 52 metr masofalardagi «Akkreditasiya-simulyasiya» qo`shimchasiga 2 ta yotoqxona binosini qurish, loyihada cherkov bo`lgan binoning yuqori qismini tiklash, binolarning tashqi ko`rinishini hamda konstruktiv holatini saqlash belgilangan.
Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan «O`zshaharsozlik LITI» davlat muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan Toshkent tibbiyot akademiyasining binosi (sobiq Kadetlar binosi) rekonstruksiya qilish va inshootlarini qurish loyihasi yuqorida belgilangan talablar, shuningdek, binoning tashqi ko`rinishini konstruktiv tarzda saqlash sharti bilan tasdiqlandi.
Ma`qullangan kengash loyiha xulosasi tegishli tartibda «O`zshaharsozlik LITI» davlat muassasiga yuborildi.






