Ayni paytda Prezident raisligida uy-joy, qurilish, kommunal xo`jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar yuzasidan yig`ilish bo`lib o`tmoqda.
Yig`ilishda bugungi kunda ichimlik suvi inshootlarining ayrimlari talabga javob bermasligi aniqlangani aytildi.
Shu munosabat bilan suv sifati standartlarini to`liq yangilab, ularni barcha suv inshootlarida joriy qilishi shartligi ta`kidlandi.
Mutasaddilarga kamida 4 ta laboratoriyani jihozlab, ularda ichimlik suvi sifatini to`liq tahlil qilishni yo`lga qo`yish topshirildi.
Shu bilan birga, ichimlik suvi ta`minoti tizimida ichimlik suvi yo`qotilayotgani, iste`molchilarning 30 foizida haligacha suv hisoblagichi o`rnatilmagani, tizimda o`g`irliklar davom etayotgani tanqid qilindi.
“O`zsuvta`minot” shu kunga qadar birorta yirik xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirgani yo`q, ichimlik suvi etkazib berish tannarxini kamaytirish bo`yicha bosh qotirmayapti.
Aholini ichimlik suvi bilan ta`minlashni kengaytirish maqsadida tizim rahbarlariga qator topshiriqlar berildi.
Jumladan, tajriba tariqasida 5 ta shaharda – Kogon, Shirin, Yangier, Bekobod va Yangiyo`l shaharlarida suv ta`minotiga xususiy sheriklar jalb qilinadi.
Viloyat hokimlariga eskirgan nasoslarni yangilash ishlarini boshlab, bu yil kamida 1 mingta nasosni energiya tejamkoriga almashtirishga topshiriq berildi.






