Ayni paytda Prezident raisligida uy-joy, qurilish, kommunal xo`jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar yuzasidan yig`ilish bo`lib o`tmoqda.
Yig`ilishda uy-joylarni saqlash masalalari ham ko`rib chiqildi.
Joylardagi boshqaruv kompaniyalarining faoliyati ko`p hollarda qoniqarsizligi, 20 mingta ko`p qavatli uylar aholisi ularning ishidan norozi ekani qayd etildi.
Boshqaruv kompaniyalari va shirkatlarning qaytarilmagan krediti va debitor qarzdorligi bilan bog`liq muammolar mavjud.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga boshqaruv kompaniyalari faoliyatini sog`lomlashtirish choralarini ko`rish topshirildi.
Umuman, elektr, gaz, suv, issiqlik, chiqindi, “kvartplata”, soliq to`lovlari bo`yicha xonadonning yagona billing hisob-raqamini joriy qilish vaqti kelgani qayd etilib, xorijiy tajriba asosida tegishli takliflarni ishlab chiqish topshirildi.
Hozirda ko`p qavatli uylardagi 2 mingta erto`la tadbirkorlarga ijaraga berilmasdan, bo`sh yotibdi.
Vaholanki, bu orqali mahallalarda 20 mingta ish o`rni yaratish va ijaradan yiliga 150-200 milliard so`m qo`shimcha daromad topish mumkin.
Endi ko`p qavatli uylar erto`lasi va bo`sh joylarini ijaraga berishni yangi tartibi joriy qilinadi. Bunda:
- erto`la va bo`sh maydonlar haqida ma`lumotlar raqamlashtirilib, “Mening uyim” tizimiga bog`lanadi hamda aholi va tashabbuskorlarga ochiq e`lon qilinadi;
- ijara to`lovlari faqat “Mening uyim” platformasi orqali hisob-kitob qilinadi va aholi uchun ochiq bo`ladi.
Bundan tashqari, kompleks rahbariyatiga avariya holatidagi uylarni renovasiya qilish bo`yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.






