Ayni paytda Prezident raisligida uy-joy, qurilish, kommunal xo`jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar yuzasidan yig`ilish bo`lib o`tmoqda.
Yig`ilishda jamoat transporti masalalari muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari jamoat transporti haligacha odamlarga sifatli xizmat ko`rsatadigan tizimga aylanmaganini qayd etdi.
Jamoat transporti qamrovi bor-yo`g`i 25 foiz ekani – bu tizimga berilgan baho
- dedi Prezident.
Viloyatlarga etkazilishi reja qilingan avtobuslarning hammasi ham olib kelinmagani, Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida yo`lovchi tashishni brutto-shartnoma asosida moliyalashtirish tizimini joriy qilish ishlari yakuniga etkazilmagani tanqid qilindi.
Transport vaziri va viloyat hokimlari bu ishlarni to`liq yakunlab, 1 martga qadar 5 ta viloyat markazida, 1 iyungacha qolgan 8 ta shaharda yangi tizimni yo`lga qo`yishi shartligi qat`iy ko`rsatib o`tildi.
Yig`ilishda viloyatlarga joriy yilda 1 ming 200 ta avtobus va elektrobus olib kelish vazifasi qo`yildi.
Shuningdek, pandemiya davrida temir yo`l qatnovlari 2 karra qisqargani oqibatida qish kunlari odamlar chet elga mashina yoki avtobusda ketishga majbur bo`layotgani, qishda yo`llarda noxush holatlar ro`y berayotganiga to`xtaldi.
Transport vazirligi tizimidagi tegishli korxonada xalqaro qatnovlar uchun 167 ta avtobus bo`lgani bilan, korxona xususiy sektor va qo`shni davlatlar tashuvchilari bilan raqobat qila olmayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan kompleks rahbariyatiga chet ellik hamkorlari bilan muzokara o`tkazib, temir yo`l qatnovlarini pandemiyagacha bo`lgan raqamlarga etkazish topshirildi.
Xalqaro avtobusda tashishlar sohasiga xususiy sheriklarni jalb qilish va raqobatni rivojlantirish zarurligi ta`kidlandi.






