AsosiyJinoyat
10052

Andijonlik shifokor ayol yangi tug`ilgan chaqaloqni 2000 aqsh dollariga pulladi

O`rgangan ko`ngil o`rtansa qo`ymas, deydilar. U bu qilmishini takror sodir etib, uch yilu to`qqiz oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi

Huquq gazetasining 42-sonida tafsiloti keltirilgan jinoyat ishi ana shu haqda. 

Nargiza (ism-familiyalar o`zgartirilgan) va Baxtiyorning qalbidagi muhabbat yillar o`tib so`ndi. Alal-oqibat, ikki nafar guldek dilbandlarini mo`ltiratib ajrashib ketishdi.

Nargiza avvaliga ota uyida yashab, uy yumushlari bilan o`zini ovutsa-da, vaqt o`tib alohida uy sotib olish, alohida oila yuritish qutqusi oromini o`g`irladi. Shu bois, ikki farzandini onasiga tashlab, Rossiya Federasiyasiga ishlagani ketdi.

U hali yosh bo`lgani bois, Rossiyaga borganiga ko`p bo`lmay "oshiqlari" ko`paya boshladi. Ammo ularning barchasi ko`ngilxushlik uchun Nargizani shirin yolg`onlarga ko`mardi. Nargiza bu yolg`onlarga ishondi va ko`p o`tmay homilador bo`lib qoldi.

2015 yilning yozida Andijonga qaytganida oy-kuni yaqinlashib qolgandi. Shu bois, ota-onasi va yaqinlariga ko`rinishdan uyaldi va ammasi Rahimadan bolani bir nima qilish uchun yordam so`radi.

Rahima avvaliga jiyanini obdon koyisa-da, biroq bular ish bo`lganini anglab, uni Jalaquduq tumanidagi tanishi — akusher-ginekolog Zaynab Umarovaning yoniga boshlab bordi. Vaziyatni tushuntirdi.

Z.Umarova 2015 yilda ham chaqaloq savdosi bilan shug`ullangani uchun sudlangan bo`lsa-da, jazodan o`ziga xulosa chiqarmasdan yana o`rgangan ko`ngil o`rtansa qo`ymas qabilida ish tutdi. 

Xonoboddagi shifoxonaga navbatchiligi sabab ularni o`sha erga olib bordi. Navbatchilikni qabul qilib olgach, Nargizani ichkariga olib kirdi.Ma`lum vaqt o`tib, Nargizaning to`lg`ogi kuchaydi...

O`g`il chaqaloq tug`ilishining ertasi kuni Nargiza sal o`ziga kelib olgach, ammasi bilan shifoxonani tark etdi.

Shifokor ayol esa o`z g`arazli rejasini amalga oshirish maqsadida tug`ilganlik haqidagi tibbiy ma`lumotnomaga chaqaloqni sotib olayotgan oila bekasi — Zarnigor Mamatovaning ism-familiyasini qayd etdi. So`ngra shifoxona ma`muriyatiga chiqib, ushbu hujjatni ro`yxatdan o`tkazib, muhr urdirdi.

Bosh shifokor yo`q paytlarida uning o`rniga ayrim hujjatlarga qotiba qizning muhr urib berishi Z.Umarovaga qo`l keldi.

Shu tariqa chaqaloqqa yangi ota-onasi qayd etilgan tug`ilganlik guvohnomasi olindi. Avvaldan kelishilgan 2000 AQSh dollari 3.Umarovaning kissasiga tushdi.

Hech bir egri ish yopiqligicha qolib ketmagani kabi, 3.Umarovaning ushbu jinoyati ham kuni kelib fosh etildi. U sud hukmiga asosan uch yil tibbiyot sohasida ishlash huquqidan, shuningdek, uch yilu to`qqiz oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Boshqa yangiliklar