Qashqadaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan Kasbi tumanida navbatdagi reyd tadbirlari o`tkazildi.
Reyd davomida “To`palang HPD Holding” MChJ mas`ullari tomonidan "Denov-Novqat" kanalini rekonstruksiya qilish jarayonida kanal qirg`og`iga ekilgan jami 150 ta daraxt ildizlari bilan qo`porilganligi aniqlandi.
Bu bilan “Respublikada ko`kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni talablari buzilgan. Daraxtlarni kesish yoki ko`chirib o`tqazish bo`yicha amaldagi tartiblarga rioya etilmagan va murojaat qilinmagan.
Daraxtlar kesilishi natijasida o`simlik dunyosiga 1 milliard 165 million 350 ming so`m zarar etkazilganligi ma`lum bo`ldi. Hujjatlar etkazilgan zararni undirish hamda aybdorlarga qonuniy chora ko`rish maqsadida Qashqadaryo viloyati prokuraturasiga yuborildi.






