AsosiyJamiyat

2024 yil yanvar oyi O`zbekiston tarixidagi eng iliq davr uchligiga kirdi

'2024 yil yanvar oyi O`zbekiston tarixidagi eng iliq davr uchligiga kirdi'ning rasmi

Ushbu yilning yanvar oyi juda iliq bo`ldi. Iqlim me`yoridan yuqori bo`lgan harorat deyarli oy davomida saqlanib turdi, deya xabar bermoqda "O`zgidromet".

Faqat qisqa muddatga havoni keskin sovuq bo`lishi ikki marta (oyning o`rtasida va oxirgi besh kunligida) kuzatildi, bunda havo harorati me`yor atrofida yoki undan biroz past qiymatlargacha pasaydi.

O`rtacha oylik havo harorati iqlimiy me`yordan 3-4 darajaga, shimolda 1-2 darajaga yuqori bo`lgan.

Hududning katta qismida (respublikaning shimolidan tashqari) 2024 yil yanvar oyi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq yanvar oylari uchligiga kirdi.

Eng iliq yanvar oylari reytingida yuqori o`ringa ega bo`lishiga qaramay, bu oyda ekstremal yuqori haroratlar qayd etilmadi.

Bu kabi yanvar oyidagi iliq havo  2002, 2007 va 2021 yillarda kuzatilgan.

Joriy yilning o`tgan yanvar oyida hududning katta qismida, hatto eng sovuq kechalarda ham, harorat faqat 2-4  daraja sovuq, ba`zi joylarda 5-6 daraja sovuqqacha (me`yorga yaqin yoki undan biroz past) pasaydi. Faqat respublikaning shimoliy hududlarida qisqa muddatli sovuqlarning eng yuqori cho`qqisida havo harorati kechalari me`yordan 5-8 darajaga past bo`lib, 11-16 daraja sovuqni tashkil etgan.

Tog`li hududlarda qor qoplami oy davomida saqlanib turgan. Toshkent, Qashqadaryo va Namangan viloyatlari tog`larida oy oxiriga qor balandligi 40-80 sm ni, baland tog`larda 100-120 sm gachani tashkil etgan. Bu ko`rsatkichlar o`rtacha ko`p yillik va o`tgan yilgi qiymatlarga mos bo`ldi, deyishmoqda mutaxassislar.

Qashqadaryoning Kitob tumani hokimligi matbuot xizmati tog` etaklaridagi hududlarda bodom daraxtlari gullagani aks etgan fotolarni joyladi. 

    Boshqa yangiliklar