DXX axborot xizmatining darakchi.uz'ga taqdim etgan ma`lumotiga ko`ra, DXX Samarqand viloyati Boshqarmasi hamda IJQK Departamenti xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan faol tadbir davomida Samarqand viloyati OITSga qarshi kurashish markazi shifokor laboranti 1994 y.t. S.M. mansabdor tanishlari orqali mahalliy fuqaroga maxsus “sertifikat” olib berishni va`da qilib, 2.000 AQSh dollarini olayotgan vaqtida qo`lga olingan.
Shuningdek, fuqarolardan ta`magirlik orqali pul undirish bilan bog`liq holatlardan yana biri Samarqand shahrida sodir etilgan.
Samarqand davlat chet tillari institutining talabalari B.X. va X.M. fakultet dekanining yordami bilan 4 nafar kursdoshlarini ingliz, fransuz tillari fanlaridan bo`ladigan yakuniy davlat attestasiya imtihonlaridan o`tkazib berishni va`da qilib, evaziga ularning har biridan 500 AQSh dollaridan jami 2 000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni talab qilib, oldindan 500 AQSh dollarini olishga ham ulguradi.
DXX Samarqand viloyati Boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, B.X fuqaro Sh.L.dan kelishilgan pulning qolgan 1 500 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritgan vaqtida prosessual tartibda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda har ikkala holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi ma`lumotda.






