“Ta`lim sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ-54-son, 02.02.2024 y.) qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko`ra, “Ta`lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi tashkil etiladi.
Loyiha ofisi 2024 yilda quyidagilarni amalga oshiradi, jumladan:
- pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tahlil qilish;
- professional ta`limdan so`ng oliy ta`limni davom ettirish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, 3 yillik ta`lim dasturlari asosida amaliy bakalavriat bo`yicha kadrlar tayyorlashni yo`lga qo`yish;
- ta`lim sohasida xususiy sektor ulushini yanada oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.
2024 yil 1 sentyabrgacha o`quvchilar (talabalar)ning egallagan bilimini va pedagoglarning malakalarini baholash tizimi xalqaro tajribalar asosida takomillashtiriladi.
2024–2025 yillarda:
- Professional ta`lim yo`nalishlari, mutaxassisliklari va kasblari klassifikatori – Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga, ta`lim dasturlari esa – yangilangan kasbiy standartlar va malaka talablariga moslashtiriladi;
- kamida 14 ta professional ta`lim muassasalarining faoliyatiga tajriba-sinov tariqasida xalqaro ta`lim dasturlari, kamida 10 ta oliy ta`lim muassasasi faoliyatiga – zamonaviy boshqaruv usullari va ta`lim sifatining yuqori standartlari joriy qilinadi;
- pedagogika, qishloq va suv xo`jaligi, texnika, axborot texnologiyalari hamda iqtisodiyot sohasiga oid ta`lim yo`nalishlarining xalqaro akkreditasiyadan o`tkazilishi ta`minlanadi.