Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo`mitasi tomonidan “O`zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo`llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to`g`risida”gi farmon loyihasi muhokamasiga bag`ishlangan majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, iqtisodiyotga 275 trillion so`m kredit resurslarini yo`naltirish, shu jumladan, 41 trillion so`mlik mikromoliya xizmatlari ko`rsatilishini ta`minlash, banklar tomonidan taqdim etiladigan kredit stavkalarini bozor mexanizmlari asosida 2–3 foiz bandga pasaytirish uchun zarur sharoitlar yaratish maqsad qilingan.
Yoshlar o`rtasida tadbirkorlikni keng ommalashtirish va biznes bilan shug`ullanishga qo`shimcha imkoniyatlarni yaratish maqsadida oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yo`naltirilishi ko`zda tutilgan.
"Yosh tadbirkor" tanlovi asosida “mahalla – tuman – viloyat – respublika” bosqichlarida yoshlarning istiqbolli biznes loyiha va g`oyalari saralanishi, respublika bosqichida saralashdan o`tgan har bir loyihaga bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratilishi va kredit stavkasining 50 foizi qoplab berilishi, g`olib bo`lgan biznes loyiha va g`oyalar egalari Yosh tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi hisobidan xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuborilishi ham ko`zda tutilmoqda.
Milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy omili sifatida biznes uchun yanada qulay sharoitlarni yaratish maqsadida “Biznesni qo`llab-quvvatlash dasturi” doirasida kompleks qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish orqali kamida 200 mingta yangi tadbirkorlik sub`ekti, shu jumladan, 90 mingta korxona va 110 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyati yo`lga qo`yilishi maqsad qilingan. Shuningdek, yangi ish o`rinlarini ta`minlash orqali 5 million aholining bandligi uchun zarur sharoitlar yaratilishi belgilangan.
Qizg`in muhokamalar jarayonida senatorlar tomonidan Davlat dasturi loyihasiga bir qator taklif va tavsiyalar berildi.






